Ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda «Turkistonbank» hamda Hi-tech bank xususiy aksiyadorlik tijorat banklarining bank faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziyasi qaytarib berilishi yuzasidan xabarlar tarqaldi. Bu bo‘yicha Markaziy bank ma’lumot berdi.

Keltirilishicha, Markaziy banki Boshqaruvining 2022 yil 7 oktabrdagi 22/2-sonli qaroriga asosan Hi-tech bank XATBdan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingan bo‘lib, shu kuni tugatish jarayoni boshlangan.

O‘z navbatida, Hi-tech bank tomonidan qonunchilikka muvofiq har qanday manfaatdor shaxs sudga murojaat etish huquqidan foydalangan holda Markaziy bank qarori yuzasidan sudga murojaat qilingan.

Bankning murojaati protsessual tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, oktabr oyining boshida litsenziyasi bekor qilingan «Turkistonbank» bir guruh omonatchilarning mablag‘larini subordinar qarz sifatida rasmiylashtirishi oqibatida, kamida 59 kishi o‘ziga tegishli 57 mlrd so‘m mablag‘larni qaytarib ololmayotgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank mijozlar murojaatini ko‘rib chiqish jarayonini nazoratga olganini ma’lum qilgandi.

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining 2022 yil 18 noyabrdagi qaroriga asosan «Turkistonbank» omonatchilarining mablag‘larini muddatidan avval qaytarilishi belgilangandi.