24 dekabr kuni Tokio shahrida «Markaziy Osiyo+Yaponiya» muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda Tashqi ishlar vazirligi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida transport bog‘liqligi, logistika, sanoat kooperatsiyasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘z nutqida Yaponiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini ta’minlashda ishonchli hamkor ekanini, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini sanoat va infratuzilma modernizatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhit shakllangani, ko‘plab masalalar hal etilgani, iqtisodiy hamkorlik kengaytirilgani, insonlar o‘rtasida erkin muloqot uchun sharoit yaratilgani alohida qayd etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2016 yildan 2021 yilgacha O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oshib, 6,4 milliard AQSh dollarini tashkil etgani ma’lum qilindi.

Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jumladan, «Markaziy Osiyo+Yaponiya» biznes-muloqotini o‘tkazish, Yaponiya nou-xau va investitsiyalarini joriy etish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport tizimini raqamlashtirish, barqaror energiya ta’minoti, «yashil» kun tartibini ilgari surish, tibbiyot muassasalari va korxonalarini yaratishda Yaponiyadan grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha tashabbuslar e’lon qilindi.

Kadrlar malakasini oshirish, migratsiya, turizm, madaniyat sohalarida hamkorlikni faollashtirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi yig‘ilishda xalqaro hamjamiyat Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi sabab turli jihatlar, jumladan, oziq-ovqat va energiya ta’minotida jabr ko‘rganini ta’kidladi, deb xabar berdi Yaponiya TIV. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mojaroning ta’siri, ayniqsa, Rossiya bilan yaqin tarixiy va iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoda katta ahamiyatli.

Shu nuqtai nazardan, Yoshimasa Xayashi Yaponiya Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishga erishish uchun «odamlarga sarmoya kiritish» va «sifatli o‘sish»ga alohida e’tibor qaratuvchi yangi rivojlanish modelini ilgari surish istagida ekanini bildirdi.

Yaponiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, yapon metodlari bo‘yicha texnik mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda qo‘shma kreditlash mexanizmi orqali iqtisodiyotni karbonsizlantirish sohasida hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi.

«Murakkab xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, ishtirokchilar Rossiya hududidan o‘tmaydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha ham fikr almashdilar va birinchi navbatda kelasi yilning choragida bu masalani chuqur muhokama qilish uchun konferensiya o‘tkazishga kelishib oldilar», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, vazirlar transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni faollashtirish, giyohvandlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda salohiyatni oshirish, chegara nazorati va transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi haqida ham kelishib oldilar.

Bundan tashqari, vazirlar gumanitar vaziyat, jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash, shuningdek, etnik guruhlarning huquqlari yuzasidan fikr almashdi.

Bundan tashqari, vazirlar gumanitar vaziyat, jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rekonstruksiya qilish, shuningdek, Afg‘onistondagi etnik ozchiliklar, ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Tolibonning qizlar oliy ta’limini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori va qizlarning o‘rta maktabda o‘qishini taqiqlash davom etayotgani bo‘yicha umumiy xavotir bildirildi.

«Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi.

Ushbu yig‘ilishning rejalashtirish bosqichida bo‘lib o‘tgan muloqotga nisbatan Rossiya o‘z reaksiyasini bildirdi. «Rasmiy Tokio ushbu voqea munosabati bilan e’lon qilgan maqsadlarga e’tibor qilmay bo‘lmaydi. Yaponiya yetakchilarining tayyorgarlik bosqichidagi ritorikasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular o‘zaro hamkorlikdan unchalik ham manfaatdor emas, balki, «dunyo hamjamiyatini, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiyaga qarshi birlashtirish»dan manfaatdor», — deb yozdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova 23 dekabr kuni o‘z Telegram kanalida.