Hakimov Rahimjon Rasuljonovich O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar qilmoqda Oliy ta’lim vazirligi.

Tayinlovga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Rahim Hakimov (1983 yilda tug‘ilgan) Namangan davlat universiteti (2003) va Toshkent davlat yuridik universiteti (2005) bitiruvchisi.

Prezident huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutida ishlagan. 2015 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan. 2015−2017 yillarda Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi, 2017 yildan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, 2018 yildan — Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan.

2019 yil sentabr oyida Adliya vaziri o‘rinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori etib tayinlangan edi. 2020 yil may oyidan TDYUU rahbari bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi o‘rtalarida 2017 yildan buyon adliya vaziri lavozimida ishlab kelgan Ruslanbek Davletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan edi.

Bundan tashqari, Qarshibayev Murtaza Mamatqulovich Prezident masalahatchisi — Spichrayteri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar Prezident Administratsiyasida sho‘’ba mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.