Olmaotada juma kuni yanvar voqealarining qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan «Tag‘zim» (o‘zbekcha «Ta’zim» — tahr.) yodgorligi ochildi. Marosimda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham qatnashdi, deya xabar bermoqda Oq O‘rda matbuot xizmati.

Yodgorlik fojiali voqealar epitsentri bo‘lgan joy — Respublika maydoniga o‘rnatilgan. U ko‘p bosqichli me’moriy majmua ko‘rinishida qurilgan. Yodgorlik turli ranglardagi to‘rtta emotsional-me’moriy zonalarga ajratilgan: och kulrang yengib o‘tishni anglatsa, qora tartibsizlik va qo‘rquv bilan birga kechgan yanvar voqealarini bildiradi, kulrang — qurbonlar va to‘kilgan qon, insoniy yo‘qotishlar timsoli bo‘lsa, oq — barqarorlik va farovonlikka intilish ramzidir.

Foto: Tengrinews.kzFoto: Tengrinews.kz

Har bir zonaga qozoq xalqining buyuk vakillaridan iqtiboslar yozilgan tosh va stelalar o‘rnatilgan. Loyiha mualliflari — ochiq tanlovda g‘olib chiqqan arxitektorlar Aleksey Ivjenko va G‘ayni Sag‘idullayeva.

Fojiali yanvar voqealari Qozog‘iston mustaqillik erishganidan buyon duch kelingan eng jiddiy sinovlardan biri bo‘ldi, dedi mamlakat prezidenti.

«Mamlakatning bir qator shaharlarida o‘tayotgan tinch namoyishlar ommaviy tartibsizliklar va pogromlarga aylanib ketdi. Mustaqilligimizning oltin beshigi — Olmaota banditlar qo‘lidan ayniqsa qattiq zarar ko‘rdi», — deya qayd etib o‘tdi u.

Foto: Akorda.kzFoto: Akorda.kz

«Bu kabi voqealar boshqa takrorlanmasligi uchun biz qo‘limizdan kelganini qilamiz. Mamlakatimizning omonligi va xotirjamligini, xalqimizning birdamligini himoya qilish — barimizning fuqarolik burchimizdir», — deya qo‘shimcha Qasim-Jomart Toqayev.

U yanvar voqealarini hech qachon unutmaslik kerakligini ta’kidlab, shu sababli ham ushbu hodisalar vaqtida qurbonlar bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish haqida ko‘rsatma berganini aytib o‘tdi.

«Biz bir mamlakat bo‘lib tiklanish va yangilanish yo‘liga tushdik. Albatta, bu hali boshlanishi, bu yo‘l oson bo‘lmasligi aniq. Biroq bizning asosiy maqsadimiz hammaga ayon. Bu — Adolatli Qozog‘istonning yaratilishi va barchaga teng imkoniyatlar beradigan jamiyatning shakllanishidir. Doimo birga bo‘lsak, albatta maqsadimizga erishamiz. Men bunga to‘liq ishonaman», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Prezident fojiali kunlarda minglab qozog‘istonliklar — volontyorlar, tibbiyot xodimlari, politsiyachilar va shunchaki befarq bo‘lmagan kishilar chinakam jasorat va yuksak fuqarolik mas’uliyatini ko‘rsatganini alohida ta’kidladi.

«Tartibsizliklarning yolg‘on chorlovlarga aldangan, ammo og‘ir jinoyatlarni sodir etmagan ko‘plab ishtirokchilari mening farmonim asosida afv etildi», — dedi u.

Foto: Akorda.kzFoto: Akorda.kz

Qurbonlar statistikasi

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi yanvar voqealari davomida 238 kishi, xususan, 219 fuqaro hamda huquq-tartibot organlarining 19 nafar xodimi halok bo‘lganini ma’lum qilgan, deb yozadi Orda.kz.

Halok bo‘lgan 219 fuqarodan 67 nafari ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etishda gumonlanuvchi, 142 nafari esa favqulodda holat (FH) va aksilterror operatsiyasi (ATO) tartibini buzuvchilar (jumladan, 22 kishi tasodifan otishmada qolib ketgan yoki YTHga uchragan) deya tan olingan, yana to‘rt kishi boshqa jinoyatlarni sodir etish vaqtida, 6 kishi esa qiynoqlar oqibatida halok bo‘lgan.

213 fuqaroning o‘limi bo‘yicha 180 ta sudgacha bo‘lgan surishtiruv ishlari jinoyat tarkibining yo‘qligi bois tugatilgan, 19 tasi to‘xtatilgan (8 ta holatda — marhumning shaxsini aniqlab bo‘lmagani bois, 11 ta holatda — ekspertiza tayinlangani sababli), 12 ta ish yurituvda va yana 2 tasi sudga oshirilgan.

Prokurorlar FH va ATO tartibi davrida harbiy xizmatchilar tomonidan hokimiyat mansabini suiste’mol qilish holatlari bo‘yicha ham ishlamoqda. sentabr oyida yanvar voqealari vaqtida erkakni otib tashlagan askar 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi, iyul oyida esa besh harbiy bir kishining o‘limida gumonlanuvchi deb topilgan, avgustda ham bir harbiy xizmatchi ayolning o‘limida gumonlanuvchi deya tan olingandi.

Qiynoqlar qo‘llanganligi holatlari bo‘yicha huquq-tartibot va maxsus organlarning 29 nafar (IIVdan — 17 nafar, Milliy xavfsizlik qo‘mitasidan — 12 nafar) xodimi gumonlanuvchi sifatida tan olingan.

Yanvar voqealaridan so‘ng jami 1249 kishi asosan o‘g‘rilik, qurol o‘marish va tartibsizliklarda ayblanib sudlangan. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq haqiqiy jazo muddatlari 160 kishiga qo‘llanilgan. Qolganlarga nisbatan yengil jazo choralari tayinlangan.