Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 23 dekabr kuni O‘zbekiston-Saudiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Unda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida delegatsiyalar rahbarlari 2022 yilning yanvar-noyabr oylarida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 barobarga oshganini ta’kidladilar.

Oxirgi bir necha yil ichida O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 5 barobarga oshdi. Saudiya kompaniyalari bilan birgalikda energetika, neft-kimyo, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 17 mlrd dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni boy tabiiy resurslarga, ulkan sanoat salohiyatiga ega. Biz O‘zbekistonda ham, Saudiya Arabistonida ham yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalarni tashkil etishimiz mumkin. Kelgusida esa mintaqaviy va Yevropa bozorlariga, shuningdek, umumiy aholisi 1,4 mlrd dan bo‘lgan ziyod potensial iste’molchilarga ega Katta Arab erkin savdo hududi mamlakatlariga eksport qilinadi», — dedi Jamshid Xodjayev o‘z nutqida.

Saudiya Arabistoni sarmoya vaziri ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish tarafdori ekanligini bildirdi va Saudiya Arabistoni tadbirkorlarini o‘zaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdi.

Neft-gaz va neft-kimyo sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoati, ipakchilik, infratuzilma qurilishi va turizm kabi sohalar sarmoyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari etib belgilab olindi.

Forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 6,4 mlrd dollarlik hujjatlar to‘plami, jumladan, Qoraqalpog‘istonda 1500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma, yashil vodorod obyektlari va ular bilan bog‘liq elektrostansiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maqsadlar to‘g‘risidagi xat imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil oxirida Energetika vazirligi va Jahon banki 2022 yilda O‘zbekistonning vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha texnik salohiyatini baholashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik. O‘rganish natijalariga ko‘ra, respublikada «ko‘k» va «yashil» vodorodni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish rejalashtirilgan edi.

Vodorodning rang bo‘yicha gradatsiyasi uni ishlab chiqarish usuliga va chiqarilgan uglerod iziga bog‘liq. Sanoatdagi eng «toza» vodorod qayta tiklanadigan manbalardan energiya yordamida suvni elektroliz qilish natijasida olingani «yashil» hisoblanadi. «Moviy» yoki «ko‘k» vodorod tabiiy gazdan olinadi.