Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev va Qasim Jomart Toqayev Xalqaro kongress markazida uchrashdi. Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 2 davlat yetakchisi o‘zbek va qozoq munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlaydigan hujjatlar qabul qildi.

Xususan, ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida shartnoma va O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari darajasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta hujjat qabul qilindi.

«Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risida, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida, Oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, 2000 yil 7 iyuldagi Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketish shartlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma shular jumlasidan.

Shuningdek, strategik islohotlar, elektron savdoni rivojlantirish, o‘rmon xo‘jaligi, davlat xizmati sohalarida memorandumlar, Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qizilo‘rda, Jizzax va Turkiston viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xarita»lari, energetika, kimyo sanoati, transport va logistikada loyihalar amalga oshirish bo‘yicha bitimlar qabul qilindi.

Tashrif doirasida 8 mlrd dollarlik savdo va investitsiya kelishuvlariga ham erishildi.

Avvalroq, ikki davlat rahbarlari energetika loyihalarida hamkorlik qilishga kelishib olgandi.