Prezident 13 dekabr kuni poytaxt jamoat transporti tizimini tanqid qilganidan so‘ng «Toshshahartransxizmat» korxonasiga 227 ta avtobusni ta’mirlash uchun 5 mlrd so‘m ajratildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari, bosh muhandis Abdujamil Azizov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, «SamAuto Samarqand» avtomobil zavodi poytaxt dilerlik korxonalari bilan 70 ta avtobusni kapital ta’mirlash bo‘yicha kelishib olgan. Bu yil oxirigacha yakunlanishi kerak. Hozir 157 ta avtomobil joriy ta’mirdan o‘tkazilmoqda. Ulardan 45 tasi yakshanba kuni ta’mirlangan.

«Toshshahartransxizmat» boshqaruvi raisi, Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning ta’kidlashicha, avtobuslarning ta’mirlanishi transport, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlari shuningdek, milliy gvardiyadan iborat idoralararo shtab mutaxassislari tomonidan nazorat qilinadi. Uchta avtobus saroyi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga, ikkitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga biriktiriladi.

Har bir ish turi uchun — shinalarni yuvish va almashtirishdan tortib, ta’mirlashgacha bo‘lgan aniq qoidalar ishlab chiqiladi. Bu ham texnik xodimlarning harakatini nazorat qilish, ham ishni tezlashtirish imkonini beradi, dedi Anvar Jo‘rayev.

Abdujamil Azizovning ta’kidlashicha, idoralararo shtab mutaxassislari harakatlanuvchi tarkibning texnik holatini tekshirgan. Ma’lum bo‘lishicha, 175 ta avtobus keyingi faoliyatga yaroqsiz deb topilgan va ular hisobdan chiqariladi.

«Hisobdan chiqarishning ikki xil turi mavjud: yoki metallolomga topshirish, yoki sotish. Mercedes`ni sota olmaymiz, chunki ular kuniga taxminan 120−130 litr dizel yoqilg‘isi sarflaydi. Hech kim ularni sotib olmaydi. Isuzu esa sotilishi mumkin, chunki kapital ta’mirdan keyin ular chekka hududlarda yoki yuk mashinasi sifatida foydalanish uchun foydali bo‘lishi mumkin, chunki ularda yuk mashinasi o‘lchami bor», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» davlat rahbari topshirig‘iga binoan tuzilgan tezkor shtab harakatlanuvchi tarkib va haydovchilar yetishmasligi, avtobuslar oralig‘ini qisqartirish muammosini qanday hal qilayotgani haqida yozgandi.