20 dekabr, seshanba kuni Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Oliy ta’lim vazirligi talaba qizlarning universitet o‘qish jarayonlarida ishtirok etishini to‘xtatib qo‘yish haqida buyruq berdi, deb xabar berdi Afg‘oniston telekanali Ariana News.

«Afg‘oniston Islom Amirligi Oliy ta’lim vazirligi universitetlarga maktub yo‘llab, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida qizlar uchun darslarni keyingi qarorga qadar zudlik bilan to‘xtatish zarurligi haqida ma’lum qildi», — deyiladi telekanal xabarida.

Bu qarorga darhol xalqaro miqyosda munosabat bildirildi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish qarorni qoralab, buni Tolibon tomonidan berilgan «buzilgan va’da» va «juda xavotirli harakat» deb atadi, deya xabar beradi APnews.

«Xotin-qizlarining faol ishtirokisiz, ularning ta’lim-tarbiyasisiz mamlakat qanday rivojlanishini, mavjud muammolarni hal etishini tasavvur qilish qiyin», — dedi tashkilot rahbari.

AQShning Afg‘onistondagi yarashuv bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod TOLOnews telekanaliga bergan intervyusida ayollarni oliy ta’limdan cheklash hayratlanarli ekanini aytdi.

«Na islomda va na Afg‘oniston tarixida bunday qarorni oqlaydigan holat yo‘q. Afg‘onistonda va butun dunyoda taniqli islom ulamolari ayollar bilan bir qatorda erkaklar uchun ham ta’lim olish islom dinining asosiy tamoyili ekanini eslatib turadi», — dedi u.

Toliblarning 2021 yilning avgustida hokimiyatga kelganidan so‘ng, ayollarga o‘rta ta’limni (faqat boshlang‘ich va oltinchi sinfgacha o‘qishga ruxsat beriladi) tugatishni taqiqlandi. Shuningdek, muvaqqat hukumat ko‘chada va jamoat joylarida ro‘mol kiyishni majburiy qilib qo‘ydi.