O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusi oxirgi paytlar jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Bu kabi holatlarda ayrimlar ayollarni ayblasa, ba’zilar erkaklarning hatti-harakatini qoralamoqda. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari zo‘ravonlikka uchragan ayollar o‘rtasida sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi.

“Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov mazkur tadqiqot jarayonlari va natijalari yuzasidan “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Xurshida Sayidvaliyeva bilan suhbatlashdi.

5 ta hududdan 420 nafar respondent

Xurshida Sayidvaliyevaning qayd etishicha, ayollar zo‘ravonligi o‘ta jiddiy bo‘lganligi uchun bu masala doimiy ravishda tahlil qilib boriladi. Mazkur tadqiqot 2022-yilning aprel-sentabr oylarida mamlakatning 5 ta hududi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrining turli nuqtalarida yashovchi 420 nafar respondent o‘rtasida o‘tkazilgan.

“Sotsiologik tadqiqot o‘tkazishdan maqsad — oilada xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini o‘rganib, xulosalar asosida sabablarga qarshi kurashish uchun takliflar ishlab chiqishdan iborat. Ushbu tadqiqot uchun hudud va ishtirokchilar maqsadli tanlash asosida saralab olingan. Jarayonga 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan ayollar qamrab olingan bo‘lib, ularning barchasi bevosita tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan. Respondentlarning 30 foizga yaqini shaharlarda, qolgan qismi esa qishloq joylarida istiqomat qiladi”, — dedi u.

Institut vakilining so‘zlariga ko‘ra, tadqiqot mobaynida qatnashchilarning oilaviy holati o‘rganilgan. Ularning 55,2 foizi turmush qurganini, 33 foizi ajrashganini, 5,9 foizi bevaligini, 3 foizi sha’riy nikohda ekanligini ma’lum qilgan.

Oilaviy nizolar borasidagi fikringiz qanday?

Respondentlarning oilaviy nizolar borasidagi fikrlari ham eshitilgan. Tahlillarga ko‘ra, 67,8 foiz ayol uyida muntazam nizolar bo‘lishini aytgan. 27,5 foizi ba’zan, 4,7 foizi deyarli nizolar yuz bermasligini bildirgan. Qariyb 45 foiz ishtirokchi nizolarning qay darajada tez-tez sodir bo‘lishini aniq ayta olmagan yoki xohlamagan. Har beshinchi respondent (17 foizi)ning oilasida haftada bir necha marotaba nizolar bo‘lib turishi xavotirli holat sifatida baholangan.

Ma’lumot uchun: tadqiqot natijalariga ko‘ra, 39,9 foiz respondent sovchilar orqali, 33,9 foizi o‘zaro simpatiya sababli, 21 foizi ota-onasining xohish-irodasi bilan nikoh qurganini aytgan. Ayrim holatlar hanuzgacha majburiy nikohlar uchrab turishini ko‘rsatmoqda.

Ko‘proq kim bilan nizoga borasiz?

Oilaviy munosabatlar tahlili o‘rganilganda, turmushdagi nizolarning o‘ziga xos xususiyatlari er va xotinning yoshiga bevosita bog‘liqligini namoyon qilgan. Jumladan, 67,8 foiz respondent ko‘p hollarda turmush o‘rtog‘i bilan, 34,5 foiz ishtirokchi esa qaynonasi bilan o‘rtasidda turli nizolar yuzaga kelishini ta’kidlagan.

Bunday javob berganlar orasida 18−35 yosh oralig‘idagi respondentlarning ulushi ko‘pligi kuzatilgan. Bundan tashqari, 35 yoshdan yuqori bo‘lgan qatnashchilarning oilasida ota va onaning farzandlari bilan ziddiyatlari ko‘proq uchrashi ma’lum bo‘lgan.

Nima uchun nizolar kelib (chiqqan yoki) chiqadi?

Mazkur savolga berilgan javoblardan ko‘rish mumkinki, oilaviy nizolarning kelib chiqishiga bir qancha omillar sabab bo‘lmoqda. Respondentlarning qariyb yarmi — 45,3 foizi er va xotin o‘rtasida o‘zaro tushunishning yo‘qligini, 37,9 foizi moddiy qiyinchiliklarni, 25,3 foizi karera qilganini oilaning buzilishiga bir sabab sifatida ko‘rsatgan.

zo‘ravonlik, tadqiqot, xotin-qizlar

Foto: “Gazeta.uz”.

Tazyiq va zo‘ravonlik sabablari

Tadqiqotda qatnashgan ayollarning 39,4 foizi o‘zbek oilalarida erning ayoliga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik harakatlarini qo‘llashiga ko‘p hollarda xotinning erga gap qaytarishini sabab, deb biladi. 26 foizi erining nafsoniyatiga, 26,3 foizi erining yaqin qarindoshlari nafsoniyatiga tegishini aytgan.

O‘zboshimchalik bilan ish tutishi (25,3 foiz), erning yomon kayfiyati (24,4 foizi) tufayli ham tazyiqqa uchraganini qayd etgan respondetlar bor.

zo‘ravonlik, tadqiqot, xotin-qizlar

Foto: “Gazeta.uz”

Ayrim holatlarda er va xotin o‘rtasida muhabbatning yo‘qligi (17,7 foiz), erning ichkilikka ruju qo‘yib, mast holatda bo‘lishi (15,7 foiz), uy-ro‘zg‘or ishlaridagi kamchiliklar (11 foiz), telefondagi shubhali yozishmalar (7,4 foiz), xiyonat (3,2 foiz) sababli oilada zo‘ravonlik holatlari yuzaga kelgan.

Ayollarning zo‘ravonlik borasidagi tasavvurlari qanday?

Tadqiqot davomida shu narsa ayon bo‘ldiki, respondentlar birinchi navbatda jismoniy zarar yetkazilgandagi hatti-harakatlarni oiladagi zo‘ravonlik va tazyiq, deb biladi.

Tahlillarga ko‘ra, kaltaklash, urish, itarish, chimchilash, qo‘lni burish (83,8 foiz), qo‘rqitish (80,4 foiz), bolalar, mol-mulk va hokazolarni o‘rtaga qo‘yib, biror narsani bajarishga majburlash (81,5 foiz), farzandlarini sababsiz qattiq jazolash (76,5 foiz) ko‘rinishidagi hatti-harakatlar oiladagi zo‘ravonlik shakllari sifatida baholangan.

zo‘ravonlik, tadqiqot, xotin-qizlar

Foto: “Gazeta.uz”

Keyingi o‘rinlardan ko‘proq psixologik ta’sirlar hamda taqiqlar o‘rin olgan bo‘lib, ularga haqorat qilish va so‘kish (72,4 foiz), ishlash va o‘qishni taqiqlash (68,7 foiz), do‘stlar va qarindoshlar bilan muloqotni cheklash (67 foiz), turmush o‘rtog‘i va uning qarindoshlarini doimiy ravishda tanqid qilish (60 foiz) holatlari kiradi.

Har uchinchi respondent turmush o‘rtog‘i uni va uning qarindoshlarini doimiy tanqid qilish (32,1 foiz), puldan mustaqil foydalanishni taqiqlash (31,7 foiz), hasad va rashk, hayotiga aralashuv (30 foiz), kerakli birlamchi mahsulotlar uchun (oziq-ovqat, gigiyena vositalari) pul bermaslik (35,8 foiz) holatlarini tazyiq yoki zo‘ravonlik, deb qabul qilmaydi.

Qanday ijtimoiy me’yorlarga amal qilib yashaysiz?

Har bir insonning hayotiy me’yorlari uning turmush tarzi hamda xatti-harakatlarini belgilab beradi. Ishtirokchilarning 37,1 foizini hayotida milliy ana’analar, me’yorlar, diniy va shariat qoidalari, qonunlar birdek muhim ahamiyat kasb etsa, har to‘rtinchi repondent uchun esa aynan qonun va qoidalar asosida yashash muhim ahamiyatga ega.

Bu holat jamiyatimizda huquqiy savodxonlik darajasining ortishiga hamda ayollarning o‘z huquqlarini himoya qilishga zamin yaratadi. Qatnashchilarning 25,4 foizi an’anaviy me’yor va urf-odatlarga, 27,9 foizi din va shariat qoidalariga amal qilib yashashligini ta’kidlagan.

Zo‘ravonga jazo borligini bilasizmi?

“Erkak kishi ayoliga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qilsa, uning qonun oldida jazolanishini bilasizmi?”, degan savol yuzasidan ham respondentlarning fikrlari olingan.

22,5 foiz ayol bu haqda bilishi, ammo hammasidan to‘liq xabardor emasligini aytgan. 14,5 foizi umuman ma’lumotga ega emasligini, 14,3 foizi yetarli darajada, 13,5 foizi esa aniq bilmasligini qayd etgan.

Ayollar zo‘ravonlikdan so‘ng qayerga murojaat qilgan?

Qatnashchilarga zo‘ravonlik holati kuzatilganidan so‘ng yordam so‘rab qayerga murojaat qilgani haqidagi savol ham berilgan. Har uchinchi ayol, ya’ni 38,8 foizi MFY mas’ullariga, 30,4 foizi do‘stlari va qarindoshlariga murojaat qilganini aytgan.

22,4 foizi og‘ir holatlarda ichki ishlar va prokuratura organlariga, 6,3 foizi ijtimoiy ishchilar va psixologlarga, 5,5 foizi ishonch telefoni orqali tegishli tashkilotlarga, 4,6 foizi shifoxonaga murojaat qilganini bildirgan.

Eringiz ustidan shikoyat qilganingizga afsuslanasizmi?

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning 70 foizga yaqini oilasida u yoki bu darajada turli nizo va janjallarda ishtirok etgan. Ularning 27 foizi hayotida eri yoki boshqa oila a’zolari tomonidan tazyiqqa uchraganini aytgan.

Ba’zilari, ya’ni 17 foizi erining ustidan kerakli joyga murojaat qilganini bildirgan. Shundan, 34 foizi umuman afsuslanmasligini, 25 foizi qisman afsusda ekanligini, 31 foizi juda afsusdaligini ta’kidlagan. 10 foizi esa javob berishi qiyinligini aytgan.

“28,7 foiz ayol ajrashishga qat’iy qaror qilgan”

Oiladagi zo‘ravonlik va ma’lum tashkilotlarga murojaatdan so‘ng ayollarning kelgusi hayoti borasidagi fikrlari o‘rganildi. Respondetlarning 36,6 foizi bundan keyin oilasidagi muammolar to‘g‘risida hech kimga shikoyat qilmasligini aytgan. Bu ma’lum bir tashkilot yoki shaxsga murojaat qilganidan so‘ng oilasidagi muhit yomonlashganidan yoki ayolning kimdandir qo‘rqishidan dalolat bermoqda.

28,7 foiz ayol esa ajrashishga qat’iy qaror qilganini bildirgan. 25,9 foizi avvalgidek yashashda davom etishini, 17 foizga yaqini esa kelajagi borasida hali bir qarorga kelmaganini ta’kidlagan.

“Oilaviy zo‘ravonlik tushunchasini qonunchilikka kiritish taklif qilingan”

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Xurshida Sayidvaliyevaning aytishicha, ushbu sotsiologik tadqiqot tahlili asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.

“Biz doimiy ravishda o‘tkazadigan sotsiologik tadqiqot bu — ilmiy tavsiya ishlab chiqishning bir qismi hisoblanadi xolos. Shuningdek, shu yo‘nalishda xorijiy tajribani ham o‘rganamiz. Undan keyin nazariy tahlil qilamiz. Ya’ni tadqiqotda bevosita ishtirok etib, ayollar bilan suhbatlashgan mutaxassislar: psixolog, huqushunos, demograf, pedagogning fikr va takliflari eshitilib, jamlanadi. Bu safar ham huddi shunday bo‘ldi”, — dedi institut vakili.

Uning ta’kidlashicha, institut rahbariyati mutasaddi tashkilotlarga oilaviy zo‘ravonlik tushunchasi va uning turlarini qonunchilikka kiritib, aniq normalarini belgilash bo‘yicha takliflar kiritgan. “Psixologlar ko‘proq zo‘ravon bilan ishlash va tuzatish dasturlarini puxta shakllantirishni taklif qilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Yana qanday taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan?

Xurshida Sayidvaliyevaning qayd etishicha, tegishli vazirlik va idora rahbarilariga quyidagi taklif va tavsiyalar ham kiritilgan:

  • oilaviy zo‘ravonlik va tazyiqning ko‘lamini kamaytirish, oldini olish va oqibatlari bilan kurashish maqsadida xalqaro tashkilotlar, xususan, JSST, BMT Ayollar tashkiloti bilan hamkorlik qilish, ularning amaliyotini o‘rganish;
  • zo‘ravonlik va tazyiq oila ijtimoiy institutining barqaror rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tufayli, ushbu holatlarning farzand tarbiyasidagi ta’siriini o‘rganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar olib borish;
  • xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan, jabrlangan ayollarga yordam ko‘rsatgan shaxslarga ma’lum bo‘lib qolgan barcha shaxsga doir ma’lumotlar tegishli qonun hujjatlari bilan qo‘riqlanishi borasida tushuncha berish;
  • og‘ir axvolga tushib qolgan ayollar uchun Respublika Ayollar reabilitatsiya va moslashtirish markazi xizmat ko‘rsatadi (1169). Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining “102”, “1102” ishonch telefon raqamlari hamda “Nemolchi.uz”, “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q” telegram kanallari, shu bilan bir qatorda, zo‘ravonlik holatlari yuzasidan xabar berilishi mumkin bo‘lgan boshqa telefon raqamlar va ijtimoiy tarmoqlardagi loyihalarni targ‘ib qilish;
  • tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarning iqtisodiy imkoniyati, ijtimoiy holati va maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda ularni xotin-qizlar siyosati doirasida qo‘llab-quvvatlash;
  • zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, qo‘llanma tayyorlash, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi va mustahkam oilani targ‘ib qiluvchi ijtimoiy roliklar olish, targ‘ib qilish.