Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni parlamentga yo‘llagan murojaati davomida sud-huquq sohasidagi islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Tergov sifati pastligi — haqiqat. Sudlarda odamlarning ovoragarchiligi bu ham haqiqat. Sud qarorlarining ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchramoqda. Nima uchun haligacha davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushmadi? Kim bunga qarshi? Bu savolni Oliy sud raisi bilan bosh prokuror o‘ylashi kerak. Kimdir qarshiku shunga. Prezident topshiriq bergan, nimaga bajarilmaydi? Фuқаро o‘zi xohlagan advokatni tanlay olishi uchun elektron tizim joriy qilish kerak. Qiyin emasku. Lekin buning tagida ko‘p gaplar bor, korrupsiya bor», — dedi u.

Davlat rahbari shuningdek, qisqa muddatlarda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratilishi va tegishli farmon imzolanishini ma’lum qildi.

«Juda katta tayyorgarlik qilayapmiz. Og‘ir bo‘layapti, lekin sekin-sekin oldinga siljish bor. Nimaga desangiz, bunday yashab bo‘lmaydi. Agar sudni adolatli qilmasak, odamlar bizdan rozi bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi prezident.

Qolaversa, viloyat sudlarining adolatli hukm chiqarishi, tergov sifatini yaxshilash bo‘yicha vakolatlari va mas’uliyatini kengaytirish rejalari ham ma’lum qilindi.

«Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak. Bizda boshqacha ishlaydi. Shu bilan birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ochiy aytish kerak, buni men aytmasam, boshqa hech kim aytmaydi. Prokuror xohlasa boradi, xohlamasa bormaydi. Xohlasa bilimi yetadi, bilimi yo‘q bo‘lsa, prokuror tergovdagi ishini ham tushunmaydi. Prokuror korpusi yangidan shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ish va sudni ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, odil sudlovni ta’minlashda advokatlarga yetmayotgan huquqlar yangidan beriladi.

«Nima uchun, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilmaydi? Bunday holatda tenglik haqida qanday gapirish mumkin? Hech qanday gapirish mumkin emas. Endi, sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinadi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi», — Shavkat Mirziyoyev.

Prezident oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilayotganini ta’kidladi. «Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi. Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy этилади va yuzni tanish uskunasi o‘rnatiladi. Hech kimning unutishga haqqi yo‘q — qonun talablari va inson huquqlari — biz uchun oliy qadriyat», — dedi prezident.

Ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib, murojaat qilinganda ishlar eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududlarda ham ko‘rish amaliyoti joriy qilinadi.

«Vazirlar ham, hokimlar ham bir narsani yaxshi tushunib olishi kerak. O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi. Bu borada Xalqaro tijorat sudini O‘zbekistonda tashkil qilish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlandi. Yuqoridagi barcha tashabbuslarni Konstitutsiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozim», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.