Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlari mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va Rossiya Federatsiyasiga bilvosita qaramlikni yengillashtirishga qaratilgan. Bu haqda Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian 16 dekabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Bu hamkorlik yo‘nalishlari, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy rivojlanishi, suv resurslaridan samarali foydalanish va energiya samaradorligi, shuningdek, raqamlashtirish masalalarini o‘z ichiga oladi, dedi elchi.

Yevropa Ittifoqi ko‘magiga ega bo‘lgan yana bir soha — Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikdir. «O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi roli muhim, chunki biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda ko‘proq ta’sir, yanada ko‘proq hamkorlik va mintaqaviy hamkorlik olib borish uchun o‘ziga xos lokomotiv sifatida ko‘ramiz. O‘zbekiston nafaqat o‘z chegaralari xavfsizligi, balki qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qilishdan ham manfaatdor», — dedi Sharlotta Adrian.

Elchi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarining sheriklarni tanlash erkinligiga intilishida ularni qo‘llab-quvvatlashini eslatdi. Bu haqda avvalroq Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrel ham gapirgandi.

«Biz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarning eksklyuzivligini emas, balki tanlash erkinligini ta’minlashni istaymiz», — deya ta’kidladi Sharlotta Adrian.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hozirda O‘zbekiston bilan hamkorlik, xususan, 2021−2027 yillarga mo‘ljallangan ko‘p yillik indikativ dasturga muvofiq amalga oshirilayotganini eslatib o‘tdi. Uni moliyalashtirish uchun 83 mln yevro, jumladan, fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mln yevro ajratilgan.

Dastur doirasidagi ishlar uchta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilmoqda: samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya, inklyuziv va raqamli yashil o‘sish hamda «aqlli» va ekologik toza qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirish.

Ilgari Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan hamkorligi asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan bo‘lib, qo‘shma ish yo‘nalishlarining ortib borayotgani Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan sheriklik aloqalarini kengaytirayotganidan dalolatdir, dedi Yevropa Ittifoqi delegati.

«Hamkorlikning bu yo‘nalishlari biz o‘zimiz o‘ylab topgan yoki ishlab chiqqan narsa emas. Bularning barchasi hukumat bilan hamkorlikda qanday yo‘l bilan va qaysi sohalarda yordam bera olishimiz haqida olib borgan muhokamalarimiz natijasidir», — deyiladi elchixona xabarida.