O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni «Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi ma’lum qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari yetarli emasligi ularni ommaviylashtirishga to‘siq bo‘lmoqda. Bundan tashqari, tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotishning qonuniy asoslari yaratilmagan.

Qarorga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan boshlab yangi quriladigan savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obyektlarida majburiy tartibda quvvatlantirish stansiyalari joylashtiriladi.

Quvvatlantirish stansiyalarining soni 2024 yil yakuniga qadar 2500 taga yetkaziladi. Hozir O‘zbekistonda 70 ga yaqin stansiya mavjud bo‘lib, yil oxirigacha yana 30 tasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2023 yilda elektr tarmoqlari, transformator va nimstansiyalarga tutash hududlardan 1400 ta quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish uchun yerlar auksionga chiqariladi. «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi tomonidan xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga tutash hududlarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalari barpo etilishi belgilandi. 2023−2024 yillarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun davlat organlari va tashkilotlarning bo‘sh hududlari K-savdo orqali auksionga chiqarilishi nazarda tutiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Bunda, xizmat tarifi (narxi) elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat’i nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil belgilanadi.

2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar:

  • quvvatlantirish stansiyalari va ular o‘rnatilgan avtomobil to‘xtash joylari joylashgan yer uchastkalari yer solig‘idan, shuningdek, quvvatlantirish stansiyalari mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur imtiyoz hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida 2023 yilda 2,4 mlrd so‘m, 2024 yilda 9,4 mlrd so‘m mablag‘ qoladi;
  • asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatish bo‘lgan tadbirkorlar foyda solig‘idan hamda transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan;
  • import qilinadigan quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi.

Hududlar rahbarlari va Energetika vazirligiga 2023 yil 1 dekabrga qadar faoliyat ko‘rsatayotgan avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz quyish shoxobchalarida kamida 1 dona (4 ta kanalli) 60 kVt quvvatli quvvatlantirish stansiyasini o‘rnatish choralarini ko‘rish topshirilmoqda. Bugungi kunda respublikada jami 4652 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud bo‘lib, shundan siqilgan gaz quyish shoxobchalari 1443 tani, suyultirilgan gaz — 983 tani hamda benzin va dizel yoqilg‘isi — 2226 tani tashkil etadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga «Yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish chora-tadbirlarini 2023 yil 1 iyulga qadar yakunlash vazifasi yuklatilmoqda.