O‘zbekistonda O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, qonunning tez orada qabul qilinishi kutilyapti.

«Afsuski, farzandlarimizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi „massovka“, matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi», — deb yozdi u.

Saida Mirziyoyeva endi bu ishlarni to‘xtatish vaqti kelganini ta’kidladi. «Chunki o‘qituvchilar qadrini ko‘tarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz», — dedi prezidentning qizi.

Noyabr oyida maktab o‘qituvchilari tomonidan hududdagi xonadonlarda yashovchi maktab yoshidagi bolalar haqida ma’lumotlar yig‘ilayotgani haqida xabar qilingan edi. Shundan so‘ng Prezident administratsiyasi XTV hamda tegishli mutassaddilarga o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan administratsiya tomonidan tegishli ko‘rsatma berdi.

2018 yil avgust oyida prezident xalq ta’limi xodimlarini xizmat vazifalariga bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, jumladan, tuman va shaharlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga va boshqa turdagi ishlarga jalb qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.

Shuningdek, ularni yig‘ilishlar va kasbiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlariga majburiy obunani tashkil qilish mumkin emas. Shuningdek, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini belgilangan tartibda va qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan asoslarga rioya qilmasdan tekshirishga taqiq belgilandi.

Shunga qaramay, so‘nggi yillarda o‘qituvchilarni turli ishlarga majburlash amaliyoti davom etmoqda.