2019 yilning iyun oyida taqdim etilgan va 2020 yilning 18 avgustida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinib, so‘ng olib tashlangan «Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yana jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Bu haqda 15 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida IIV vakillari ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ushbu qonun loyihasi 2019 yilda muhokama uchun qo‘yilgandi, keyin uni to‘ldirish, qayta ishlash uchun yechib olingandi (muhokamadan olib tashlangani nazarda tutilmoqda — tahr.). Bu hujjat albatta, qayta ko‘rib chiqiladi va tez kunlarda yana jamoatchilikka taqdim qilinadi. Jamoatchilikning e’tirozlari, takliflari inobatga olingandan keyingina bu hujjat parlamentga kiritiladi», — dedi IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.

Jurnalistlar rasmiylardan mitinglar, yig‘ilish va ko‘cha yurishlari o‘tkazishning aniq tartibi yo‘qligi, lekin fuqarolar buning uchun jazoga tortilayotganiga izoh so‘radi.

«Umumiy qilib aytganda, bu davlat va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonuniy normalarning yig‘indisida ifodalanadi», — deya javob qaytardi u.

G‘iyosovning qayd etishicha, bugungi kunda mamlakatda yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlarni uyushtirish tartibi Konstitutsiyaning 33-moddasi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 201- va 202-moddalari, Jinoyat kodeksining 217-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi «Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 205-sonli qarori, shuningdek, davlat va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan 100 dan ortiq normativ hujjatlarda belgilangan. Bular esa jamoatchilik uchun umummajburiy bo‘lgan qoidalar majmui deb tushuniladi.

«Hozirgi paytda shu tarqoq normalarni umumlashtirish maqsadida hukumat tomonidan yuqorida aytilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Bu tez kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi», — dedi IIV matbuot kotibi.

E’tiborlisi, amaldagi Bosh qonunning 33-moddasiga quyidagi so‘zlar keltirilgan: «Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega». Biroq qay holatda miting o‘tkazish mumkin yoki yo‘qligi biror qonunda qayd etilmagan.

MJtKning 201-moddasi «Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish», 202-moddasi esa «Ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish» haqida. Jinoyat kodeksining 217-moddasida esa shu turdagi huquqbuzarlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-conli qarori esa faqat ommaviy tadbirlar o‘tkazish tartibi qayd etilgan bo‘lib, undagi «qoidalarning amal qilishi yig‘ilishlar, namoyishlar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarini, shuningdek to‘y, oilaviy, yubiley, vafot etganlar xotirasiga bag‘ishlangan oilaviy aza marosimlari va tadbirlarni o‘tkazishga tatbiq etilmaydi», deya qayd etilgan. Shunga ko‘ra, hukumat qaroridan «miting», «namoyishlar», «ko‘cha yurishlari» kabi so‘zlarni ham topa olmaysiz.

Biroq IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov nimagadir aynan hukumatning ushbu qaroriga tayanib, ma’lumot berdi. Qolaversa, u aytgan 100 dan ortiq normativ hujjatlar aynan qaysilar ekanligiga ham aniqlik kiritilmadi.

Ta’kidlash joizki, mitinglar va ko‘cha yurishlarini o‘tkazish tartibi hech qayerda yozilmaganligini 2021 yili sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham shaxsan tasdiqlagandi.

Avvalroq bloger Olimjon Haydarov mitinglar tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzganlik, yolg‘on axborot tarqatganlikda ayblanib, 21 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgandi. Bu holatga munosabat bildirar ekan, deputat Rasul Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, IIV mas’ullari ham aniq tartibning o‘zi yo‘qligini tan olishgan. «Sud tartibni buzgan, deb topibdimi, demak bu tartib sudga ma’lum. Uni bizlarga ham tushuntirib berishsin», — deya ta’kidladi xalq vakili. U shuningdek, ushbu savollariga Oliy suddan javob kutishini qo‘shimcha qildi.