O‘zbekistonda Damas va Labo avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar berish to‘xtatildi. Bu ma’lumotni UzAuto Motors va poytaxt avtosalonlaridan biri «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

UzAutoSavdo avtomobil ishlab chiqaruvchisining Telegram botida Lacetti va Cobalt`dan keyin ushbu modellar haqidagi ma’lumotlar ham yo‘qoldi.

UzAuto Motors hozircha sabablarga aniqlik kiritmagan. Dilerning xabar berishicha, xaridorlar uchun Tracker, Equinox, Malibu va Onix mavjud. So‘nggi model uchun shartnoma yetkazib berish muddati 2023 yil 31 dekabr hisoblanadi. Xabar e’lon qilingan paytda ushbu mashina uchun navbat 13,6 mingdan ortiq kishini tashkil qilayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 8 dekabr kuni avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya Lacetti va Cobalt avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatgan edi.

UzAuto Motors avgust oyida 2022 yil oxirigacha Chevrolet Spark va Nexia avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Ularning o‘rnini Chevrolet Tracker va Onix egallashi ma’lum qilingandi.