Bir muddat avval «Gazeta.uz» yirik vazirlik va idoralarning xizmat avtomashinalari parkini tahlil qilib, mamlakatning yuqori martabali amaldorlari qanday avtomobillardan foydalanishi bo‘yicha maqola e’lon qilindi. Ushbu material ko‘plab internet-resurslarda keng tarqaldi va muhokama qilindi.

Menda tarixchi sifatida mashinalar hududimizga kirib kelgandan keyingi vaqtda amaldorlar avtomobillarda yurishganmi, shunday bo‘lsa, ular qanday avtomobillar bo‘lgan, degan savol tug‘ildi. Albatta, bu savollarga arxiv hujjatlari orqali javob topish mumkin. O‘zbekiston Milliy arxivida Turkiston ASSR Halq komissarlari sovetining R-25 sonli fondi 1-ro‘yxat, 819-yig‘majildda bundan 100 yil oldin hukumat va umuman davlat boshqaruv organlari avtoparki qanday ko‘rinishda bo‘lganini tasavvur qilishimiz uchun kerakli ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.

Ushbu yig‘majilddan 1922 yilning aprel-iyul oylariga oid hujjatlar qatorida, taxminan iyun oyiga oid (hujjatlar xronologik ketma-ketlikda joylashgan bo‘lib, bundan oldingi va keyingi hujjatlar iyun oyiga tegishli) Turkiston Xalq xo‘jaligi markaziy Kengashi qoshidagi Avtoboshqarmaning yengil avtomobillarni tashkilotlar bo‘yicha taqsimoti ro‘yxati o‘rin olgan.

Ro‘yxatda sanab o‘tilgan avtomobillari soni 55 ta bo‘lib, har birining dvigatel raqami, ot kuchi va o‘sha vaqtdagi holati ko‘rsatilgan. Avtomobillarning 2 tasi kapital ta’mirlashda, 1 tasi o‘rta darajadagi ta’mirlashda bo‘lsa, qolgan barchasi ishchi holatda bo‘lgan.

Solishtirish uchun, 1918 yilda avtomobillarning soni 35 ta bo‘lgan va ularning 13 tasi kapital ta’mirga muhtoj bo‘lgan edi (R-17-fond, 1-ro‘yxat, 175-yig‘majild, 160-bet). Demak, Sovet Turkistoni hukumati 4 yil davomida 20 dan ortiq avtomobil sotib olgan, bunda eski mashinalarni chiqarib tashlash hisobiga aslida bundan ham ko‘proq avtomobil sotib olingan, deb taxmin qilish mumkin.

Turkiston hukumati avtoparkidagi eng ommabop avtomobil Ford avtokompaniyasining o‘z davrida Tin Lizzie («Tunuka Lizzi») nomi bilan mashhur «Model T» avtomobili bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarni Renault va Opel (4 tadan), Talbot, Peugeot va Napier (3 tadan) kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobil modellari egallagan.

Quyida Turkiston ASSR hukumati tarkibidagi tashkilotlar va davlat boshqaruv organlari avtoparki bilan tanishish mumkin.

Izoh: Ro‘yxatda avtomobil nomi va ot kuchi ko‘rsatilgan bo‘lib, avtomobil modellarini aniqlashda ro‘yxatda ko‘rsatilgan avtomobilning ot kuchi ko‘rsatkichidan foydalanildi. Rasmlar shu o‘lchamli avtomobillarni qidirish orqali internetdan olindi.

Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (MIQ, davlat hokimiyatining oliy organi)

MIQ avtoparkida 6 ta avtomobil bo‘lib, eng qimmati Delaunay-Belleville (Fransiya) kompaniyasi tomonidan 1913 yildan boshlab ishlab chiqarilgan, 40/50 HP nomi bilan tanilgan hashamatli Type O6 modeli edi. Avtomobil odatda 40−50 ot kuchiga ega motor bilan chiqarilgan, MIQ avtoparkidagi modelning quvvati esa 60 ot kuchiga teng bo‘lgan. Bu avtomobil, katta ehtimol bilan, MIQ raisi (o‘sha vaqtda Abdulla Rahimboyev)ga xizmat qilgan. XX asr boshida dunyoda eng obro‘li avtomobillardan biri hisoblangan, Delaunay-Belleville'dan avtomobillari hukumat rahbarlari, qirollar (xususan, Rossiya imperatori Nikolay II), generallar foydalangan.

Bundan tashqari, MIQ avtoparkda yana bir fransuz avtogiganti — Peugeot’ning 1914 yilda ishlab chiqarila boshlangan, quvvati 60 ot kuchiga ega bo‘lgan elit avtomobili, Napier (Buyuk Britaniya) kompaniyasining 1902 yildan boshlab ishlab chiqarilgan 30HP rusumli (2 ta), Chandler (AQSh) kompaniyasining 1916 yilda ishlab chiqarila boshlangan 22 ot kuchiga ega Model 6 (2 ta) avtomashinalari ham bo‘lgan.

Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti (respublika hukumati)

Hozirgi Vazirlar Mahkamasining muqobili hisoblangan Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti (XKS)ning raisi Qayg‘usiz Otaboyevga o‘z davri uchun katta — 65 ot kuchiga ega bo‘lgan Locomobile 40 Runabout avtomobili xizmat ko‘rsatgan (mashina AQShning Durant Motors kompaniyasi tomonidan 1908 yildan boshlab ishlab chiqarilgan). U o‘sha davrda jahon bozorida 4750 dollardan sotilgan. Biz ko‘rib chiqayotgan ro‘yxatda XKS ixtiyorida yana boshqa avtomobillar bor-yo‘qligi ko‘rsatilmagan. Ehtimol, bu vazirlik va tashkilotlarning avtoparklari haqida alohida axborot berilgani bilan bog‘liqdir.

Xalq Xo‘jaligi Markaziy Kengashi

Mintaqaning sanoat va iqtisodiy qurilishiga mas’ul bo‘lgan ushbu tuzilma ixtiyorida 4 ta mashina bo‘lib, ular orasida alohida e’tiborga moligi o‘z davrining mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblangan Turcat-Mery (Fransiya)ning mahsuloti edi: uning mashinalarini imperator Nikolay II ham sotib olgan, Leninning bolsheviklar hukumati rahbari sifatidagi ilk avtomobili ham Turcat-Mery edi.

TurkASSR Xalq Xo‘jaligi Markaziy Kengashi raisi Maryasinga xizmat qilgan Turcat-Mery'ning MJ Boulogne Roadster modeli 1913 yildan ishlab chiqarila boshlagan bo‘lib, quvvati 50 ot kuchidan ortiq edi. Bundan tashqari, kengash ixtiyorida Oakland (hozirgi Pontiac, AQSh)ning 1912 yildan ishlab chiqarila boshlagan Model 30 Touring, 1901 yilda ishlab chiqarish boshlangan Adler Vis-à-Vis hamda Jeffery avtoulovlari ham bo‘lgan.

Tashqi savdo xalq komissarligi (vazirligi)

Lancia Theta 35 HP, 1913−1919 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan. Foto: WikimediaLancia Theta 35 HP, 1913−1919 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan. Foto: Wikimedia
 

Ushbu vazirlik ixtiyoridagi yagona avtomobil Italiyaning Lancia kompaniyasi tomonidan 1919 yilgacha ishlab chiqarilgan Theta-35 HP modeli edi. Lancia Yevropada birinchi bo‘lib aynan Theta modellarini elektr chiroqlar va elektr yurgizish standart komplektatsiyasi bilan seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi.

Adliya xalq komissarligi

O‘sha vaqtdagi adliya vaziri Do‘stmuhammad Ustaboyev uchun AQShning mashhur Studebaker kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan AA-35 modeli xizmat qilgan. Ushbu avtomobil 1913 yildan ishlab chiqarila boshlangan bo‘lib, Yevropaning deyarli barcha avtokompaniyalari urush uchun mashina ishlab chiqarishga o‘tgan vaqtda yengil avtomobillar bozorini egallagan edi.

Ichki ishlar xalq komissarligi

Ichki ishlar xalq komissari Abulay Sergaziyevning xizmat mashinasi hukumat raisi Qayg‘usiz Otaboyevniki bilan bir xil — Locomobile 40 Runabout edi. Avtomobil hashamatli va tezkorligi sabab qimmat turdagi ulovlardan hisoblangan.

Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi

Ushbu komissarlik uchun ajratilgan avtomobil biroz kamtarroq — Phenomenon avto ishlab chiqaruvchisining 1910 yildan boshlab ishlab chiqarilgan uch g‘ildirakli, 8 ot kuchiga ega Phänomobil 4/6 PS modeli edi. Bundan tashqari, komissarlik ixtiyorida tez yordam xizmati uchun Peugeot kompaniyasining 30 ot kuchiga ega avtomobili ham bo‘lgan.

Turkiston Favqulodda komissiyasi

Qora nom bilan eslanadigan «chekist»lar tashkiloti — Aksilinqilob va sabotajga qarshi kurash bo‘yicha favqulodda komissiya («CheKa») avtoparkida 25 ot kuchiga ega Opel 20/24PS (Germaniya), quvvati 18 ot kuchiga teng Darracq 18hp Double-Phaeton (Fransiya) va dvigatelida 24 ot kuchini jamlagan Talbot 24 PH (Angliya) avtomobillari bo‘lgan.

Ushbu uchala avtomobil o‘rtacha darajadagi mashinalar turkumiga kiradi, biroq, umuman olganda, oddiy odamlarda shu ham yo‘q edi. «CheKa»ning Toshkent shahar bo‘limi ixtiyorida Renault’ning ishlab chiqarilishi 1912 yilda boshlangan, 40 ot kuchiga ega 40CV DT modeli bor edi.

Boshqalar

TurkASSR moliya komissari Robert Karklinga Belgiyaning Minerva avtokompaniyasi flagmani hisoblangan Minerva Type Z ajratilgan. Ushbu avtomobil anchagina shohona, quvvati 35 ot kuchidan ortiq edi.

Minerva type Z 38 HP, 1911 yilgi model. Foto: BonhamsMinerva type Z 38 HP, 1911 yilgi model. Foto: Bonhams
 

Turkiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi ixtiyorida Talbot 24 PH, Harbiy sanoat boshqarmasida 1910 yildan chiqarila boshlangan Adler, Harbiy kooperatsiyada 1909 yilda chiqarilgan Opel 6/12 PS, Suv xo‘jaligi boshqarmasida 1902 yilda chiqqan Napier, shakar zavodida 1899 yilda chiqqan, 5 ot kuchiga ega Mercedes-Benz 8HP Rennwagen, Chimyon neft zavodida Ford Model T «Tin Lizzie» ulovlari bo‘lgan.

Shuningdek, viloyatlar boshqaruv organlariga ham mashinalar ajratilgan edi. Jumladan, Samarqand va Farg‘ona viloyat Ijroiya qo‘mitasi uchun bir xil — 1911 yildan chiqarilgan, 32 ot kuchiga ega bo‘lgan Delage Type X (Fransiya) ulovlari ajratilgan. Boshqa ko‘plab davlat idora va tashkilotlari ixtiyorida ham avtomobillar bor edi.

Delage Type X, 1911 yilgi model. Foto: auto.vercity.ruDelage Type X, 1911 yilgi model. Foto: auto.vercity.ru
 

Bundan tashqari, Avtoboshqarma parkida yana 17 ta avtomobil saqlangan bo‘lib, ular mehmonlarni kutib olish, tashkilotlarga kerak bo‘lganda foydalanish va boshqa maqsadlarda ishlatilgan. Ushbu avtomobillarning 6 tasi Ford Tin Lizzie, 2 tasi Renault 40CV DT edi, shuningdek, Peugeot, Studebaker, Darracq, «Saabin», SCAT, Talbot, Fiat, Lorraine-Dietrich, Laurin & Klement kompaniyalarining bittadan mashinasi bor edi.

Shunday qilib, 100 yil avval ham hukumat avtoparki o‘z davrining zamonaviy va hashamatli avtoulovlari bilan to‘ldirilgan, ularni saqlab turish uchun esa katta xarajatlar qilingan. Bu vaqtda esa Turkistonda ocharchilik oqibatlari hali nari ketmagan, aholining aksariyat qismiga ochlik tahdid solib turardi.