12 dekabr kuni ertalab soat 03:34 da Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi «Ilhom» teatrida yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, bu to‘g‘risida shahar FVBga xabar kelib tushgan.

4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji 5 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, yong‘inni 03:58 da qurshab oldi va soat 04:00 da o‘chirdi.

Aniqlanishicha, yong‘in natijasida teatr binosining 1-qavat xollining 80 kv. metr maydonda ichki qismi va jihozlari yonib zararlangan. Tezkor harakatlar sababli yong‘indan binoning 600 kv. metr maydoni saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan yoki halok bo‘lmagan. Hozirda yonin sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.

Yong‘in tufayli spektakllar minimum ikki haftaga qadar to‘xtatildi. Oldin sotib olingan barcha chiptalar teatr qayta ochilganda amal qiladi.