Surxondaryo viloyati Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligida 51 tup daraxt noqonuniy kesib ketilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati.

Milliy gvardiya xodimlari bilan olib borilgan tezkor reyd tadbirlari davomida Machay o‘rmon bo‘limi xodimlarining xizmat vakolatiga «sovuqqonlik bilan yondashishi, yuklatilgan mas’uliyatni suiste’mol qilishi» oqibatida o‘rmon bo‘limining 5-aylanma 17-kvartalidagi «Yetimtol» va «Almali» massivlarida jami 51 tup «Zarafshon» archasi, shumtol, uchqad, zarang daraxtlari tag qismi bilan kesib tashlangan.

Bu bilan «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuning 37-moddasi (Daraxtlar va butalarni kesish) talablari buzilib, o‘simlik dunyosiga 560 550 000 so‘m miqdordagi zarar yetkazilgan.

Ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuraturaga yuborilgan.