Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Chiyal hududida joylashgan tug‘ruqxonada elektr toki yo‘qligi oqibatida chaqaloqlar va ularning onalari sovuqda qolgani aytilgan video tarqaldi.

Videotasvirda ayollar shifoxonada ahvol og‘irligini, 24 soatdan buyon elektr tokisiz o‘tirishganini aytib, chaqaloqlar muzlab qolayotganini qayd etgan.

«Bizga umuman «svet» bermay qo‘ydi. Shifoxonalarimizda ahvol og‘ir, chaqaloqlarimiz ikkita-uchtalab ko‘rpa o‘ranib-chirmanib turgan holda ham sovuqda muzlab yotibdi. Kecha tushlikdan beri «svet» yo‘q. Bu qanday ahvol? Otopleniyalarimiz, gazimiz ham «svet»ga ishlaydi. Hech bo‘lmasa shifoxonaga «svet» beringlar, iltimos sizlardan», — deya ta’kidlaydi davolanuvchilar.

Holat yuzasidan tuman hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirar ekan, tug‘ruq bo‘limiga hokim boshchiligidagi ishchi guruh borib, vaziyatni o‘rganganini ma’lum qildi.

«O‘rganish natijasida ma’lum bo‘lishicha, 11 dekabr kuni tonggi 03:30 atrofida elektr tarmog‘idagi kuchlanish sababli elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan. Ammo tug‘ruqxonada isitish tizimi (otopleniya)da uzilish bo‘lmagan va ayni damda ishlab turibdi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Biroq hokimlik bergan munosabat videoda ayollar holatni ko‘rsatib aytgan gaplarga mos kelmasligini ko‘rish mumkin. Ular bir sutkadan buyon elektr energiyasi va gaz yo‘qligi haqida gapirishgan, buni shifoxona hamshiralari ham tasdiqlagan.

Ayni damda tug‘ruqxonada 8 nafar chaqaloq bo‘lib, shulardan 7 nafari tug‘ilganiga 3 kundan ortiq muddat bo‘lgani sababli uyiga javob berilgan, 1 nafari esa markaziy kasalxona tug‘ruq bo‘limiga ko‘chirilgan.

«Hozirda Qashqadaryo HETK xodimlarining tezkor harakatlari bilan elektr ta’minotidagi uzilishni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Tumandagi boshqa hududlarda ushbu holat takrorlanmasligi uchun barcha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda», — deyiladi munosabatda.

O‘z vaqtida qo‘shimcha generatorni ishga tushirmay, muammoga sovuqqonlik bilan qaragan tuman tibbiyot birlashmasi xodimlariga intizomiy chora ko‘rilgan.