O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev Yangi yil bayrami kunida elektr bo‘yicha muammo bo‘lmasligini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Energiya resurslari taqchilligi bo‘yicha ko‘p muhokama qilinayotgan savollarga javob qaytargan vazir bayram kunlari, xususan, yangi yil bayramida elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilardi darajada pasayishini qayd etdi.

«Chunki ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi. Bu orqali mavjud elektr energiyasining asosiy qismi aholiga va ayrim ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltiriladi. O‘ylaymanki, yangi yil bayramida elektr bo‘yicha muammolar yuzaga kelmaydi», — dedi mutasaddi.

U agar joylarda avariyaviy holatlar yuzaga keladigan bo‘lsa, tunu kun ishlaydigan ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani va har qanday lokal muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilishini gapirib o‘tdi.

Noyabr oyida ham bugungidek bir qator hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. «Bunga issiqlik elektr stansiyalarida (mamlakatdagi barcha elektr energiyasining qariyb 90 foizi ishlab chiqariladigan) gaz ta’minoti kamaygani sabab bo‘ldi», — deyiladi Energetika vazirligi xabarida. Milliy dispetcherlik markazi O‘zbekiston aybi bilan Markaziy Osiyo energetika tizimida avariya sodir bo‘lmasligi uchun hududiy korxonalardan energiya sarfini kamaytirishni so‘radi.

Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda energiya ta’minotidagi uzilishlarga izoh berib, hozirgi ob-havo sharoitida rejali, tizimli cheklovlar kiritgan holda vaziyatdan chiqib ketilmasa, bundanda jiddiyroq talofatlar ko‘rilishi mumkinligini ta’kidlagandi.