Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida joylashgan 37-son manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum U. E. muassasada vafot etdi. Bu haqda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, voqea 2022 yilning 6 dekabr kuni soat 18:20 larda sodir bo‘lgan. Muassasaga qarashli dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan yer maydonida ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan bog‘dorchilik ishlariga jalb qilingan mahkum B. Q. o‘zaro janjallashish oqibatida mahkum U. E.ga tan jarohatlari yetkazgan. Natijada mahkum U. E. olgan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.

«Hozirda mazkur holat bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi departament axborotida.

Avvalroq Navoiy shahar 5-mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida erkak o‘z joniga qasd qilgani, Qashqadaryo viloyatidagi 35-sonli manzil koloniyasidan esa mahkum qochib ketgani, keyinroq qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.