Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda Qarshida oq Cobalt mashinalari yoppasiga shahar IIBga «tiqilayotgani» aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 5 dekabr kuni soat 20:00 larda shaharning «Nasaf» ko‘chasida piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan fuqaro — 6-mitti tumanda yashovchi voyaga yetmagan X. D.ni davlat raqam belgisisiz oq Cobalt avtomashinasi urib yuborgan. Avtomashina haydovchisi hayoti va sog‘lig‘i xavf ostiga qolgan voyaga yetmagan fuqaroga yordam ko‘rsatmasdan hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan. Oqibatda X. D. tan jarohati olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi va 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Holat yuzasidan viloyat miqyosida avtomashinani qidirib topish bo‘yicha ishlar tashkillashtirilgan.

Viloyat IIB yuqoridagi YTH bilan bog‘liq ma’lumot bo‘lsa, ichki ishlar organlarining 102 qisqa telefon raqamiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limlariga xabar berishni so‘radi. Ma’lumot bergan fuqaroning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishini qayd etdi.