Toshkentda ob-havoning keskin o‘zgargani, qor yog‘ishi va avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lgani sababli yo‘llarda harakatlanish qiyinlashdi. Poytaxtda qor yog‘ishda davom etmoqda, havo harorati -5 daraja.

Tunda kommunal xizmat xodimlari asosiy ko‘chalarga qum-tuz aralashmasini sepib chiqdi. Avtomobillar muzlagan ko‘chalarda sekin harakatlanmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri mashinalarning bir nechta kichik to‘qnashuvlariga ham guvoh bo‘ldi.

«Toshshahartransxizmat» AJ bunday sharoitda barcha haydovchilardan transportni boshqarishda murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlarini, zarurat bo‘lmaganda shaxsiy avtomobillarida, ayniqsa qishga mo‘ljallangan shinalarga ega bo‘lmagan transport vositalarida harakatlanmaslikni so‘ramoqda.

Shuningdek, tezlik talablariga qat’iy amal qilish, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lish, kattalardan yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olish talab etiladi.

Qolaversa, ko‘cha-yo‘llarda harakatlanishida noqulayliklar yuzaga kelishi sababli, ayrim avtobus yo‘nalishlaridagi qatnov va oraliq interval vaqtlarining belgilangan vaqtlardan ortishi mumkin.