Toshkentda yakshanba kuni birinchi qor yog‘di. Yog‘ingarchilik tuni bilan to‘xtamadi, tongni esa odamlar oppoq qor bilan qoplangan chiroyli shaharda kutib oldi.

Biroq, xushkayfiyatdan tashqari, qor o‘zi bilan muammolar ham olib keldi. Qor tozalovchi mashinalar faqat ayrim markaziy ko‘chalarda ishladi. Kommunal xizmatlar tunda yo‘llarga, ular juda sirpanchiq bo‘lib qolmasligi uchun, qum va tuz aralashmasidan iborat qorishma sepib chiqdi. Qatnov qismi shilta loy bo‘lib qolganiga qaramay, harakatlanish bir qadar xavfsiz ko‘rinish oldi. Ba’zi joylarda uncha katta va jiddiy bo‘lmagan YTHlarni ko‘rish mumkin.

Qor bo‘roni arafasida gaz-zapravkalarning yopilishi ko‘plab aholining marshrutkalarsiz qolishi hamda taksi xizmatidan foydalana olmasligiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, aksariyat haydovchilar avtomobillarini uyda qoldirib ketgan. Shu munosabat bilan jamoat transportiga talab oshgan, biroq avtobuslar barcha xohlovchilarni o‘z bag‘riga sig‘dira olayotgani yo‘q.

Yengil mashinalarning haydovchilari masofa saqlagan holda, xavfli manyovrlardan tiyilib, piyodalarga yo‘l berib juda ehtiyotkorlik bilan harakatlanmoqda.

«Gazeta.uz» muxbirlari markaziy ko‘chalarning trotuarlarida obodonlashtirish xizmati xodimlari ishlayotganiga guvohi bo‘lmadi. Ayni vaqtda, Amir Temur xiyoboni kommunal xizmat xodimlari tomonidan tozalanayotgan edi.