«Gazeta.uz» 1−2 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Nukus voqealari bo‘yicha asosiy ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratovning Buxoroda 1 dekabr kuni sud majlisida bergan ko‘rsatmasining yakuniy qismida nimalar deganini qisqacha keltirmoqda. O‘z nutqining birinchi qismida u Qoraqalpog‘iston deputatlari nega suverenitetdan voz kechishga qaror qilgani va mitingga chaqirishdan oldin nimalar bo‘lganini aniqlashga qanday harakat qilgani haqida so‘zlab berdi. U o‘z so‘zining avvalida Jo‘qorg‘i Kenesning amaldagi va sobiq rahbarlarini guvoh sifatida sudga chaqirishni, shuningdek, Mudofaa vazirligidan o‘qotar qurol qo‘llangani bo‘yicha ma’lumot so‘rashni iltimos qildi. Sud har ikki iltimosnomani qanoatlantirdi.

1 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda juma namozidan keyin masjid oldida turgan Tajimuratov 5 iyul kuni «Qoraqalpog‘iston ozodligi uchun» «qonuniy miting» o‘tkazishga ruxsat so‘rab murojaat qilganini aytgan video tarqalgandi.

Xuddi shu kuni u yettinchi sinf o‘quvchi jiyani bilan uyda bo‘lganida, niqobli odamlar derazalarni sindirib uyga bostirib kirgan. Tajimuratovni, uning so‘zlariga ko‘ra, ichida qo‘shnilari va boshqa odamlar bo‘lgan avtobusga chiqarishgan. So‘ngra «gorotdel»ga (Nukus IIB) olib borilgan. U yerda uning boshiga qop kiydirilib, avtozakka o‘tqazishgan. Mashina qayoqqadir yo‘l oladi, u yo‘nalishni aniqlamoqchi bo‘ladi, lekin mo‘ljalni yo‘qotib qo‘yadi.

Uni qayergadir olib borib, kaltaklay boshlashadi. Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, ular boshqa narsalar qatorida elektroshokerdan ham foydalanishadi. U yotib, ichida kalima qaytarishni boshlaydi. Keyin: «Yigitlar, bitta iltimosim bor: meni qoraqalpoqlar emas, o‘zbeklar urishsin», deydi. Ular go‘yoki «Yo‘q» deb javob berishgan.

«Dauletmurat, „svoloch“, xato qilding»

So‘ngra go‘yoki DXXdan Jalgas Jumabekov paydo bo‘ldi. Undan niqobni yechishadi, majlislar zalida ekanligini ko‘radi, lekin qayerda ekanligini aniqlay olmaydi. Unga odamlar yig‘ilganini aytishadi. Hayron bo‘lib: «Xalq bunday yig‘ilmasdi-ku, yolg‘ondir», — deydi. Unga ko‘chaga chiqib, odamlarni tinchlantirish kerakligi, Murat Kamalov (o‘sha paytdagi Jo‘qorg‘i Kenes raisi) chaqirayotganini aytishadi. Tajimuratov, ko‘rsatmasiga ko‘ra, bir necha bor rad javobini beradi. Telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘ladi, yana rad etadi. Keyin rozi bo‘ladi.

Uni bozorga olib borishadi, u olomonni ko‘radi. «Yashirmayman, xursand bo‘lib ketdim, ana, qoraqalpoq uyg‘ondi, dedim», — dedi u. U mashinadan tushadi, biroq oqsoqlanayotgani ma’lum bo‘ladi. Uni ko‘tarib olib ketishadi. Shu yerda Prado mashinasini ko‘radi, qo‘rqib ketadi. Uni mashinaning tomiga ko‘tarishadi.

Tajimuratovning aytishicha, u ikki ukasi ozod etilishini talab qiladi. Avvaliga ular ozodlikda ekanliklarini aytishadi. U 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘raydi, ular hibsga olinganini tasdiqlashadi. 15 daqiqadan so‘ng ularni olib kelishadi, u ularga uyga ketishlarini buyuradi.

Tajimuratov Murat Kamalovni ko‘radi. Undan kechirim so‘raydi. U go‘yo: «Dauletmurat, „svoloch“, noto‘g‘ri qilding, xalqni tinchlantir», — dedi. «Bo‘ldi, tinchlanaman, bir og‘iz gapingiz», — deb javob beradi va qo‘shib qo‘yadi: «Murat Kallibekovichning so‘zlari men uchun qonun».

Tajimuratovning aytishicha, Murat Kamalov O‘zbekiston bayrog‘ini olib kelishni aytadi. «O‘zbekiston — bizning umumiy uyimiz», — deya respublikaning sobiq rahbari so‘zlaridan iqtibos keltiradi u. Bo‘lib o‘tayotgan hodisalarni dronlar havodan tasvirga olib turadi.

«Men O‘zbekistonga dushman odam emasman, dedim. Sababi, bir narsani unutmasligimiz kerak, hurmatli raislik qiluvchi, mening Mirziyoyev sababli tilim chiqdi. Oldin uyda bo‘lsa ham ehtiyot bo‘lib gaplashardik-ku. Mirziyoyev kelgach, mening tilim chiqdi. U kelgach Quronni tanidim, Xudoga shukr. Masjidga bora olmas edik, ro‘za tuta olmas edik, 2016 yilgacha hali yodimda», — dediTajimuratov sudyalik qiluvchiga.

U xalqqa qaratib: «Hozirgi harakatimiz noqonuniy dedim, tinch yo‘l bilan hal qilishimiz kerak», — deydi.

U xalq shovqin ko‘tarib, uni tinglamaganini ta’kidladi. «Qarang, katta respublikada 2 yarim soat turgan bo‘lsak, bitta „kolonka“ (karnay) olib kelisha olmadi. Karaoke mikrofonini olib kelishgan… Agar olib kelishganida, o‘sha vaqtda men xalqani tinchlantirgan bo‘lardim», — dedi Tajimuratov.

«Bir vaqti Murat Qallibekovich keldi, qarasam, lablari yorilgan, qandli diabeti bor-da. Dauletmurat, dedi, hozir qattiq betobman dedi. Ajag‘a (aka), dedim, men otaga (Qallibek Kamalovni nazarda tutgan bo‘lishi kerak) pand bermayman, bilasan-ku, dedim», — dedi sudlanuvchi.

Kamalov, uning so‘zlariga ko‘ra, unga uyga borishni aytib, qo‘lini qisib, hech kim qamoqqa tushmasligi, odamlar tarqalishi kerakligini aytadi. Ular mashinaga o‘tirib, jo‘nab ketishadi. Mashina «ota»ga borishi kerak edi, lekin Jo‘qorg‘i Kenes tomonga buriladi. Tajimuratov o‘zini «yomon his» qilganini aytdi.

Turdanov yugurib kelib, mashinadan tushishni aytadi. Tajimuratov go‘yo yurolmayman, deb javob bergan. Unga yelkasiga o‘tirishni aytadi. «Qarasam, xalq Jo‘qorg‘i Kenges tarafga yugurib borishyapti. Olomonning ham, bularning ham (sudlanuvchilarga qarata — tahr.) aybi yo‘q. Odamlar nima qilayotganini bilmaydi, hammasi Jo‘qorg‘i Kenges tarafga yuguryapti». Ular haykalning (JK qarshisida Berdaqning haykali bor) oldiga borishadi. Shu orada shovqin eshitilib, Tajimuratov yiqiladi.

U ko‘zlarini ochadi. Atrofdagilar unga ketishi kerakligini aytishadi. Uyga piyoda yetib boradi. Uyning oldida juda ko‘p odamlar bor edi — «300 dan ortiq». U avvalroq xotini va bolalarini Toshkentga jo‘natib yuborgan edi. Tajimuratov odamlarga: «Hozirgi harakat noqonuniy. Bunaqa tarzda janjal chiqarib, urush chiqarmaslik kerak. Meni qamalmasligim sizlarni qo‘lingizda», — deydi.

Taxminan soat 2:30 larda ko‘chada o‘q ovozlari va granata portlashlari eshitildi, dedi Tajimuratov. Ular yordamchilari bilan birga qo‘shnining devoridan oshib, u yerdan boshqa hovlilarga o‘tishadi. Ertalabgacha birovning uyida qolishadi, keyin uni mashinada boshqa joyga olib ketishadi. Madiyarning uyiga, so‘ngra Ruslan Ibragimovning oldiga borishadi, ular uyda bo‘lishmaydi. U boshqa odamlarnikiga ham borishadi. Turli odamlar orqali Kamalov bilan suhbatlashishga harakat qiladi. 4 iyul kuni erta tongda u topilib, hibsga olinadi. Bungacha Turdanov qo‘lga olingan edi.

Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, u va boshqalar IIVga olib borilib, zalda polga yotqizilgan va kaltaklangan. Qo‘llarini ko‘rsatib, hali ham qiynoq izlari borligi, eng ko‘p u kaltaklanganini aytdi. «Qo‘limning ichiga katta kalitni tiqib, ikkita barmog‘imni qisib, burab-burab «myasrovkani ichidan go‘shtlarni chiqarib tashladi», — dedi u. Aytishicha, Turdanovning «orqasi yirtilib ketgan». Tajimuratov hushini yo‘qotadi. Shuningdek, u boshqalarni qo‘yib yuborishlarini va uni esa qoldirishlarini so‘raganini aytdi.

Keyinroq vertolyot tayyorligini aytishadi. Turdanov bilan uni «qo‘yday, bir qop pichanni uloqtirganday» avtobusga otishadi. Ularni aeroportga olib borishadi, u yerdan Xorazmga olib ketishadi. Vertolyotda ularni «qoraqalpoq yigitlari masxara qilishdi, avtomatlar bilan urishdi».

«Bu yerda (Xorazmda) tegmaydi senga»

Uchib kelishlari bilan ularni avtozakka o‘tqazishadi. Ularni kutib olgan odamlarga Tajimuratov: «Men juda chidamli odamman» dedim, «nima qilsangiz ham chidayman…» — deydi. «Boyagi o‘zbek yigit: «Ey jo‘ra, to‘xtat, u narsalar qoraqalpoqda qoldi, bu yerda tegmaydi senga», — deydi.

Urganchda tanasining turli qismlari «barmoq uchigacha» suratga olinadi, videoga tushiriladi. Ularni dushga tushirishadi, «zo‘rg‘a o‘zimizga keldik», dedi sudlanuvchi. So‘ngra ular tergovga olib ketiladi.

Tajimuratov ko‘rsatma berishdan bosh tortganini aytdi. Bir yarim soatdan keyin unga kimningdir ko‘rsatmasi bilan tanishishga ruxsat berilgani aytiladi. Uning fikricha, bular Turdanovning ko‘rsatmasi bo‘lgan. Ko‘rsatmada aytilishicha, Tajimuratov tanish-bilishlarini shantaj qilib, kimnidir IIVga, ikkinchisini esa sport qo‘mitasiga rahbar qilib tayinlashga va’da bergan. Ertasi kuni sud uni qamoqqa olish haqida qaror chiqaradi.

Ayblanuvchi ukasi Kuatning tashrifi haqida gapirib, u qamalmagani va kaltaklanmaganini aytdi. Shuningdek, u qarindoshlari bilan telefon orqali gaplashishga ruxsat berilganini ta’kidladi.

So‘ngra Dauletmurat Tajimuratov ayblov xulosasiga o‘tdi, unda uning tarafdorlari odamlarni yig‘ib, ular bilan til biriktirgani aytiladi. U Lolagul Qallixonova bilan ancha oldin telefonda suhbatlashgani, Turdanov bilan ham onda-sonda gaplashib kelgani, boshqalar bilan esa hech qachon gaplashmaganini aytdi.

Qoraqalpog‘iston prezidenti bo‘lmoqchiman, degan gaplarga javob berar ekan, «Orzu qilsa, buning nimasi yomon? Men president bo‘lar edim, bo‘lsam. Men prezident bo‘lsam, qoraqalpoq xalqi jannatda yashaganday yashardi. Yashirmayman, prezident bo‘lgim keldi», — dedi.

U o‘zi aytib o‘tgan senatorlar bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston prezidenti lavozimini joriy etishni taklif qilganini ta’kidladi. «Qalbimizda Davletbay Shamshetov birinchi va oxirgi prezident deb aytamiz, dedim. Videoda bor, tergovda ko‘rsatilgan», — dedi sudlanuvchi.

«Mening yo‘nalishim — tanqid»

Tajimuratov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha qo‘yilgan ayblov haqida gapirar ekan, ayblovni keltirib o‘tdi: «2017 yili ommaviy axborot rivojlanayotgan bir vaqtda yaxshi niyatda foydalanib qolish uchun Dauletmurat Tajimuratov „El xizmetinde“ gazetasini ochgan. Gazeta ochilgan paytda separatistik maqolalarni bergan. Faqatgina tanqid chiqarishni maqsad qilib, vazirlar, hokimlar, huquqni muhofaza qiluvchilar, prokurorlar, sudyalarni tanqid qilib ularga zarar keltirgan».

«Meni yo‘nalishim tanqid, yo‘nalishim shunaqa. Ayrim jurnalistlar faqat pozitiv, ular yomon narsa yozmaydi. Yashasin O‘zbekiston, peshonamiz yarqiradi, prezident keldi, rahmat, deyishadi. Men faktsiz bir marta ham video chiqarmadim. Shuning uchun bemalol yuraman. Negativ ham yozaman, pozitiv ham yozaman», — dedi sudlanuvchi.

U nima uchun 2017−2022 yillarda birorta hamdavlat organi uning tanqidi uchun ustidan shikoyat qilmaganini so‘radi. U «uyi minnatdorchilik maktublari bilan to‘lib ketgani», jumladan, IIV, sud, «gvardiya», prokuraturaning tashakkurnomalari borligini aytdi.

Tajimuratov O‘zbekiston uchun yuragi og‘riyotganini aytib, «O‘zbekiston bayrog‘i, gerbini himoya qilgani» holatlarini keltirdi: Taxiatoshdagi maktabda O‘zbekiston bayrog‘i yomon ahvolda bo‘lgani uchun direktorini tanqid qilgani, shuningdek, Nukusda sudda O‘zbekiston bayrog‘i yerda yotganini ko‘rib, oldirtirganini eslatib o‘tdi.

Dauletmurat Tajimuratov o‘z ko‘rsatmasi oxirida sodir bo‘lgan voqealar uchun aybdorlar O‘zbekistonda emas, «Qoraqalpog‘istonning ichida» ekanini aytdi.

Tajimuratovning so‘roq qilinishi

Ertasi kuni, 2 dekabrda Tajimuratov sudya, prokuror va advokatlarning savollariga javob berdi.

Raislik qilayotgan sudya Yelubay Abibullayev Tajimuratov dastlabki tergov paytida qiynoqlar haqida murojaat qilgani haqida so‘radi. Ayblanuvchi ijobiy javob berib, Xorazm viloyati bo‘yicha DXX boshqarmasidan ko‘rsatma va videoyozuvlarni so‘rash mumkinligini aytdi. Sudya Tajimuratov bu masala bo‘yicha iltimosnoma kiritish huquqidan foydalanishi mumkinligini aytdi.

Keyinchalik sudya Tajimuratovga o‘z ko‘rsatmalarida unga qo‘yilgan ayblovlarni qisman tan olishi haqida aytganini, ta’kidlab o‘tdi. Sudya: «Qo‘yilgan ayblovlarga moddama-modda to‘xtalaman, qaysi birini tan olasiz, qaysi birini tan olmasligiz haqida bilib olamiz», — dedi.

167-modda. «O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish». Tajimuratov bu modda uning aybloviga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini aytdi. 243-modda. «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish». Sudlanuvchi avvalgi javobini takrorladi.

104-modda. «Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish». Sudlanuvchi: «Bu moddaga umuman meni aloqam yo‘q. Jarohat yetkazish degan, ommaviy tartibsizlik degan meni rejamda bo‘lmagan. Men madaniyatli odamman. Bu modda menga umuman tegishli emas», — deya javob berdi.

159-modda. «O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish». Tajimuratov: «159-moddaga to‘g‘ri keladigan ish meni harakatimda yo‘q. Hurmatli rasilik qiluvchi hokimiyatni men qulata olmayman», — dedi.

244-modda. «Ommaviy tartibsizliklar». «Ommaviy tartibsizlik eng yomon ko‘radigan narsam. Menga tegishli emas».

2441-modda. «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish». Tajimuratov: «Bu modda bo‘yicha kimdir ko‘chada mening huquqim buzildi, davlat tashkilotlariga ishonmayman, desa qamashga asos bo‘lishi mumkin. Mazkur moddaga o‘zgartirish bo‘yicha oldin bir nechta murojaat qilganman. Bu moddani menga qo‘ysa bo‘ladi. Hozirgacha o‘sha vaqtda aytganlarimdan qaytmayman», — dedi.

Sudya: «Ayrim ayblovlarni tan olaman, deganda shuni nazarda tutgansiz?» Tajimuratov: «Ha, shu ayblovni aytganman. Shu modda menga tegishlisi».

Sudya keyin prokurorlardan Tajimuratovga savol bormi deya so‘radi. Prokuror Tajimuratovdan sudda bergan ko‘rsatmasida 4 iyul kuni Qoraqalpog‘iston IIVda unga tan jarohati yetkazilgani haqida aytib o‘tgani, tergov davomida esa har doim minnatdorchilik yozgani, 5 avgust kuni videoyozuv orqali so‘roq qilinganida ham nima uchun shikoyat qilmaganini so‘radi.

Tajimuratov 4 iyul kuni Qoraqalpog‘iston DXX boshqarmasi xodimlari uni urganida, DDX tergov bo‘limi boshlig‘i Qo‘chqorov Ixtiyor ularni to‘xtatgani, 5 iyul kuni tergovda kim urdi deb so‘rashgani, biroq boshlariga qop kiyg‘izilgani, qo‘llariga kishan urilgani uchun kimligini bilolmagani, lekin ismlari qoraqalpoqcha bo‘lganini aytdi. «Meni urdi deb aytishim uchun mana bu, mana bu urdi, deb aytish kerak-ku. Men kim ekanligin yoza olmadim», — dedi u.

Prokuror Tajimuratovdan ko‘rsatmasida Qoraqalpog‘iston mustaqilligini so‘rab miting o‘tkazish bo‘yicha arizasini yordamchilari Jo‘qorg‘i Kengesge emas, Vazirlar Kengashiga tashlab ketgan ekanini aytgani, 1 dekabr kuni Vazirlar Kengashidan so‘rovnoma orqali javob olinganida, 20 iyun sanasidan 5 iyulgacha miting o‘tkazish maqsadida murojaat yoki xat kelib tushmadi, deb bildirishnoma berilganini ta’kidladi (prokuror Vazirlar Kengashi javob xatini ko‘rsatdi, keyinroq uni sudyaga berdi).

Tajimuratov yordamchisiga 1 iyul kuni xatni pochta orqali yuborishni aytgani, undan xatni yubordingmi, deb so‘raganida, kvitansiyada ko‘rsatgani, biroq xat Jo‘qorg‘i Kengesga emas, balki Vazirlar Kengashiga topshirilgani ko‘rsatilganini qayd etdi.

Prokuror Tajimuratovdan o‘zi yurist bo‘lib turib nima uchun xatni tegishli tashkilotga berib, javobni kutmagani, 1 iyulda tarqalgan videosida miting o‘tkazishga ruxsat so‘raganini aytganini so‘radi. Sudlanuvchi barchasi «chaqmoq tezligida» sodir bo‘lganini aytdi. Shuningdek, DXX va IIVni xabardor qilgani, urush bo‘lib ketishidan ogohlantirgani qo‘shimcha qildi. Undan hech narsa qilmaslikni so‘rashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boshqa shaxslarning ko‘rsatmalarida ham bor.

Tajimuratov 5 iyulgacha Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha muhokamalar tugashi kerak edi, shuning uchun kutmaslikka va miting to‘g‘risida e’lon qilishga qaror qilgan. «5 iyul kuni menga xat berishmasa ham, shu kuni qamalmaganimda xalqni yig‘ardim, tinch yo‘l bilan. Sizlar mening orqamda turinglar, men gapiraman, sizlar tinch turing, faqat mening orqamda turasiz, deb. Murat Qallibekovich o‘z jamoasi bilan keladi, men o‘z jamoam bilan kelib, o‘sha vaqtda gaplashib olish rejamda bor edi», — dedi sudlanuvchi.

Sudlanuvchi, shuningdek, «Meni qoraqalpoqqa bosh qiling» degani Qoraqalpog‘istonga rahbarlik qilishni anglatmasligini ta’kidladi.

Advokatlar savollariga javob berar ekan, Tajimuratov «ozodlik nuqtasigacha borish» yoki hukumatni ag‘darish rejasi yo‘qligini, mamlakat rahbariyatining e’tiborini jalb qilishga umid qilganini aytdi. U prezidentni yaxshi ko‘rishi va unga sodiq ekanini ta’kidladi.