Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati shaharda gaz bosimi pasayib ketishi yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, ob-havo harorati keskin pasaygani sababli, shaharning ayrim hududlarida gaz va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Kommunal xizmatlar mavjud gaz zaxirasini barcha iste’molchilar orasida teng taqsimlashga urinishiga qaramay, resurslar yetishmayapti.

«Iloji boricha ko‘proq xonadonlarni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida, jamoat transport vositalariga xizmat ko‘rsatadigan shohobchalardan tashqari, qolgan barcha avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtinchalik yopilmoqda», — deyiladi bayonotda.

«Shahar ma’muriyati muammolarni bartaraf etish ustida kunu tun 24 soat ishlamoqda, kommunal soha xodimlari esa ishlarini yuqori shaylik rejimida davom ettirmoqda», — deyiladi hokimlik xabarida.