Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan 2022 yil noyabr oyi uchun Toshkentda uy narxlari o‘zgarishi tahlil qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yilning noyabr oyida Toshkent bo‘yicha uy savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 8 foizga (7814 dan 8408 taga) oshgan. Mazkur davrda 1 kv. metr uchun narxlar o‘rtacha 27 foizga ko‘tarilgan, ya’ni ushbu ko‘rsatkich 2021 yil noyabrda $849 bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yil noyabrda $1078ga yetdi.

Toshkentning ayrim hududlarida 1 kv. metr uchun uy narxlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan ($1078) sezilarli darajada yuqori hisoblanadi, xususan, Mirobodda — $1285 (+20%), Yakkasaroyda — $1178 (+9%), Shayxontohurda — $1144 (+6%), Mirzo-Ulug‘bekda — $1137 (+6%), Yunusobodda — $1117 (+4%).

Ma’lumot uchun, 2022 yil 9 oyida Toshkent bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 5,9 mln so‘mga yetib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga o‘sgan. Ushbu davrda yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil etgani hisobga olinsa, real ish haqi daromadlari 20,3 foizga oshgan. Ushbu davrda so‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 10672,30 so‘mdan 10973,39 so‘mga (2,8%) o‘zgargan.

2022 yil noyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonalik uy narxi o‘rtacha hisobda $55,7 mingni tashkil etdi (2021 noyabrda — $41,6 ming). Toshkentda uy-joyga bo‘lgan talabning oshishi, bir tomondan yashash uchun ijtimoiy infratuzilmaning nisbatan yaxshiroqligi bilan izohlash mumkin.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, tug‘ilish koeffitsiyenti ham sezilarli darajada oshgan. Ya’ni, Toshkentda bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 2010 yilda 1,99 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich 3,02ga yetdi. Mazkur ko‘rsatkich ham oilaning kengroq maydonga ega xonadonga ko‘chib o‘tish istagini shakllantirishda ahamiyatli bo‘lishi mumkin.

«PMTI tomonidan 2022 yilning sentabr va oktabr oylarida mamlakatimizda tug‘ilish darajasining nima sababdan yuqori ekanligini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazilganda, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25−45 yosh oralig‘ida bo‘lgan 3 nafar va undan ko‘p farzandlari bor 200 nafar ayol ishtirok etdi. So‘rov natijalariga ko‘ra farzand ko‘rishga qaror qilishdagi asosiy sabablar sifatida salomatligi (43,8%) va oilaviy sharoitining yaxshilanishi (47,9%) ko‘rsatilgan», — deyiladi xabarda.

Uy bozorida narxlar oshib borayotgan bir sharoitda aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlari ko‘lamining kengaytirilishi uy bozoridagi faollikning saqlanib qolayotganiga asosiy sabab bo‘lmoqda. 2022 yil 9 oyida banklar tomonidan aholiga 10,3 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi, bu esa 2021 yilning mos davriga nisbatan 68 foizga ko‘proq hisoblanadi.

O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (O‘zIQMK) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 4-chorakdan 2022 yil 3-chorakkacha bo‘lgan davrda berilgan ipoteka kreditlarining 73,1 foizi Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan, 16,8 foizi banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan va 10,1 foizi O‘zIQMK mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

️PMTI oldingi sharhida Toshkentda uy-joy narxlarining tez sur’atlarda o‘sishini mazkur bozorning spekulyativ xususiyatga ega ekanligi bilan izohlagan edi. Ya’ni, talab tomondan, farzandlar soni, daromad va migratsiya faktorlaridan tashqari, uy narxlarining oshib borayotganligi aholining jamg‘armalarini investitsiyalarga yo‘naltirish bo‘yicha moliyaviy instrumentlarning cheklanganligidan dalolat beradi. Ya’ni, mamlakatda kapital bozorining rivojlanmaganligi uzoq muddatli jamg‘armalarga ega aholi qatlamining ortiqcha mablag‘larini uy-joy uchun investitsiyalarga yo‘naltirishlariga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu tahlil uchun ma’lumotlar olx.uz saytidan web-scraping usuli yordamida olingan. 2020−2022 yillar uchun to‘plangan 113.5 mingta kuzatuvlar o‘rganildi.