Publitsist va bloger Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qilib, 22 noyabr kuni poytaxtdagi Gagarin haykali oldida bir kishilik piket uyushtirgandi. U Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida 15 yoshli bolaning urib o‘ldirilishi sabab piket o‘tkazishga qaror qilgandi.

1 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov IIV rahbari Po‘lat Bobojonov uning iste’fosini talab qilib o‘tkazilgan piketdan xabardor ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, vazirga piket o‘tkazilgani haqida «aniq axborot» berilgach, u bloger bilan gaplashib, qanday muammosi borligini aniqlashni buyurgan.

«Keyin Avazbek (Tohirov, Bi-bi-si O‘zbek xizmati muxbiri — tahr.) bilan bog‘landik. Jurnalistni aniq qanday savollari bo‘lsa, shunga javob beraylik, uchrashaylik, dedik. Chunki u [Shokir Sharipov] bergan intervyuda aniq bir masala ko‘rsatilmagan. Faqat [vazirlik axborot xizmati] haqida gapirilgan. Men xayron bo‘ldim, bu odamni ilgari tanimas ekanmiz. U Kun.uz kolumnisti ekan, buni menga Avazbek aytdi. Avazbekka bloger biz bilan bog‘lanishini ta’kidladim, u esa bog‘lab berishini aytdi. Lekin shu paytgacha [Shokir Sharipov] bog‘lanmadi, gaplashmadi, aniq savol ham qo‘ymadi», — dedi G‘iyosov.

«Qalbingizda iztirob yo‘q»

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ishtirokidagi matbuot anjumanining ertasiga, 2 dekabr kuni Shokir Sharipov Facebook’dagi sahifasi orqali IIV rahbariyatiga videomurojaat yo‘lladi.

«Ichki ishlar vazirligi [matbuot kotibi] Shokir Sharipovga savollar berishni taklif qildik, ammo u aloqaga chiqmadi, deyilibdi. Menga hech kim aloqaga chiqqani yo‘q, savol berishni ham taklif qilgani yo‘q. Bu yaxshi emas, Shohrux G‘iyosov, yosh bolalarga yaxshi o‘rnak bo‘lmayapsiz», — deb boshlagan u murojaatini.

Bloger murojaati davomida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga bir necha savollar bilan yo‘llagan.

«15 yoshli bola ichki ishlar idorasida urib o‘ldirilganini eshitgandan keyin iztirobga tushdingizmi-yo‘qmi? O‘sha onaning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘rdingizmi-yo‘qmi? Xayolan o‘z farzandingizni qabrga qo‘yib ko‘rishga urindingizmi-yo‘qmi? Bizda xulosa shundayki, siz urinib ko‘rganingiz yo‘q. Chunki ommaga chiqib, o‘z taassufingizni, iztirobingizni bildirganingiz yo‘q. Bu — muhim. Chunki aynan iztirob hissi paydo bo‘lganidan keyin nimanidir o‘zgartirish kerak, islohot kerak, degan his paydo bo‘ladi. Shundan keyin islohot boshlanadi», — dedi Shokir Sharipov.

Sharipovning ta’kidlashicha, islohot degani, bu — velosipedni qaytadan ixtiro qilish emas.

«Ko‘p davlatlar o‘z politsiyasi, ichki ishlar tizimini isloh qilgan. Faqatgina o‘sha mamlakatlardan mutaxassislarni [O‘zbekistonga] chaqirib, xodimlarni „qonun ustuvor“, degan ruhda tarbiyalash kerak. Shu, xolos. Xodimlarning qonun birinchi o‘rinda, degan tushunchasi qalbiga singishi kerak. Mana shu islohot. Hozir nima bo‘lyapti? Ichki ishlar xodimlari ikkita tadbirkorlik subyektining orasiga kiryapti. Ichki ishlar xodimlari qonunlarga emas, ba’zi guruh va shaxslarga xizmat qilayotgani bot-bot uchrayapti. Kimningdir topshirig‘i bilan fermerning paxtasini tortib olib, klasterga olib borib beryapti. Ichki ishlar xodimi qandaydir noqonuniy buyruq, topshiriq keldimi, buni rad etadigan bo‘lishi kerak. Ana shu to‘g‘ri islohot bo‘ladi», — deydi jamoatchilik faoli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlarining shaxslar va guruhlarga xizmat qilishi o‘ta katta xavfdir.

«Ichki ishlar tuzilmasi xalq ta’sis etgan o‘ta muhim institut. Shu bilan birga, o‘ta xavfli institut. Qachon xavfli? Bu tuzilma qonunga emas, shaxslar va guruhlarga xizmat qiladigan bo‘lsa, ana o‘shanda xavf paydo bo‘ladi. Nega? Sababi bu tuzilmaga ma’muriy imkoniyatlar, ma’muriy vositalar berilgan. Kerak bo‘lsa qurol, qamoqxonalar berilgan. Ana shuning uchun xavf. Ichki ishlar tuzilmasining har bir xodimi o‘zi uchun qonunni ustuvor qilib olsa, ana o‘shanda xavf yo‘q [bo‘ladi]. Lekin shaxslar va guruhlarga xizmat qilishi, bu — o‘ta katta xavf. Bu — butun mamlakatni xavf ostiga qo‘yadigan omil. Islohot degani mana shu: har bir xodim, kerak bo‘lsa, prezident noqonuniy topshiriq berganida, „men buni bajarmayman“, deydigan bo‘lishi kerak. Holbuki, hozir har qanday hokim buyruq bersa, o‘shani bajaryapti, klasterlarning xizmatini qilishyapti», — deydi u.

Bloger IIV rahbaridan lavozim kursisini bo‘shatib qo‘yishi, uning o‘rniga «qalbiga iztirob kiradigan odam» o‘tirishi kerakligini ta’kidlagan.

«Mana mening asosiy savollarim: ichki ishlar vaziri iztirobga tushdingizmi? Iztirobga tushmagan bo‘lsangiz, islohot bo‘lmaydi, siz bu [lavozimda] o‘tirmasligingiz kerak. Boshqaga bo‘shatib qo‘ying. Bu yerda (IIV rahbari lavozimida — tahr.) qalbiga iztirob kiradigan odam o‘tirishi kerak. O‘sha onani (15 yoshli bolaning onasi nazarda tutilyapti — tahr.) xayolan ichiga kirib, hissini his qiladigan odam bo‘lishi kerak. Oxirgi yillarda ichki ishlar tizimi idorlaridan qancha o‘lik chiqdi? Birortasidan keyin [omma oldiga] chiqib, iztirobdaman, deb gapirdingizmi? Chiqqaningiz yo‘q. Chunki iztirob qalbingizda yo‘q. Iztirob qalbda bo‘lsa, yuzga chiqadi. Yuzga chiqara olmaganingiz uchun chiqmaysiz ham», — deya video chiqishini yakunlagan Shokir Sharipov.