Marokash davlatining Rabot shahrida bo‘lib o‘tgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasida ikkita ko‘pmillatli element Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston tomonidan Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda «Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish» nomli birinchi fayl taqdim etildi. Ikkinchi nominatsiya «Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari» deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston tomoni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.

Qo‘mitaning baholash komissiyasi nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholadi va ularning vakillik ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligini qayd etdi.

«Davlatimiz rahbari boshchiliklarida mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va uni ko‘paytirish yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda. Yana ikki an’anamizning YUNESKO ro‘yxatidan joy olishi buning yaqqol dalilidir», — dedi bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov.


Tadbir davomida nominatsiyalar taqdimotida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi unsurlarning tarixiy o‘rni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi.

Ishtirokchilar ipak yetishtirishning an’anaviy texnologiyalari, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi. Aholi orasida mashhur va sevimli folklor qahramoni sanalgan Xo‘ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali katta qiziqish uyg‘otdi.

Ma’lumot o‘rnida, reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu ro‘yxatga «Baxshi», «Lazgi», «Palov», «Askiya», «Miniatyura», «Navro‘z», «Shoshmaqom» va boshqalar kiritilgan edi. Atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash bo‘yicha yetakchilar reestridan joy olgan.


Aprel oyida prezident raisligidagi turizm sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda «Andijon polkasi» raqsini ham YUNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekiston birinchi marta YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasiga a’zo bo‘lgandi. O‘shanda mamlakat nomzodini qo‘llab-quvvatlab, 105 mamlakat ovoz bergandi.