Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining raisi Amanbay O‘rinboyev respublika hududida transport xizmatini ko‘rsatish borasidagi ishlarni takomillashtirish hamda yo‘l qo‘yilgan xatolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Omarov Mamanbiy Allabergenovich Qoraqalpog‘iston Respublikasi transport vaziri etib tayinlandi. U shu paytga qadar O‘zbekiston Transport vazirligining Xalqaro aloqalar, logistika va eksportni rag‘batlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Bundan tashqari, transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha ishlar samarali takomillashtirilmaganligi va boshqa bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Qoraqalpog‘iston transport vazirining o‘rinbosari va vazirlik huquqshunosi lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning iyun oyida Axmed Narimbetov Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi vaziri, Gulzira Baxiyeva esa maktabgacha ta’lim vaziri etib tayinlangandi.