O‘zbekiston Afg‘onistonning Aybak shahrida joylashgan «Jihodiya» madrasasida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini qoralaydi, deya bayonot berdi TIV.

«2022 yil 30 noyabr kuni Afg‘onistonning Samangan provinsiyasi Aybak shahrida sodir etilgan terrorchilik xurujini keskin qoralaymiz. „Jihodiya“ madrasasida amalga oshirilgan qabih harakat ko‘plab insonlarning, asosan yosh talabalarning qurbon bo‘lishiga olib keldi. Yana bir bor shuni ma’lum qilamizki, bunday zo‘ravonlik harakatlari keskinlikning kuchayishiga sabab bo‘lib, Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishga, shuningdek, milliy kelishuvga erishishga to‘sqinlik qiladi», — deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, hodisa oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan va 23 kishi jarohatlangani aytilmoqda. «Tolibon» harakati hozircha portlash haqda ma’lumot bermagan. Viloyati kasalxonasidagi manbalar portlash qurbonlarining aksariyati talabalar ekanini aytmoqda.