Buxoro viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudida dushanba kuni boshlangan Nukus voqealari bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda, deb xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri. Sudning birinchi kunida 22 nafar gumonlanuvchiga nisbatan ayblovlar e’lon qilingan bo‘lsa, ikkinchi kuni (seshanba)dan boshlab sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari tinglanmoqda. Ular 1−2 iyul kunlari voqealar qanday sodir bo‘lgani va rivojlanganini so‘zlab berdi.

Quyida sudning uchinchi (30 noyabr) kunida sudlanuvchilar bergan ko‘rsatuvlarni o‘qishingiz mumkin. Sudning ikkinchi kunida berilgan ko‘rsatuvlar (A. Turdanov, B. Seytniyazov, A. Smetullayev, B. Kadirbergenov, S. Medetov, L. Kallixanova, S. Kaipov, P. Shamshetovlar) bo‘yicha ham alohida materiallar tayyorlanyapti. Jonli efirda ovoz bilan bog‘liq muammolar tufayli gumondorlarning aytgan so‘zlari aniqlashtirilmoqda.

«Fikrimni buzib, ko‘chaga chiqishga undadi»


Nurlan Nayipov. Foto: «Gazeta.uz».

Sudlanuvchi (1968 yilda tug‘ilgan, millati qozoq) Nurlan Nayipovning so‘zlariga ko‘ra, u Dauletmurat Tajimuratovning ortidan pensiya bo‘yicha muammosini hal qilib berishi uchun ergashgan.

«Dauletmurat IIVdan pensiyaga chiqarib beraman deb va’da berganlari meni yo‘ldan ozdirdi. Fikrimni buzib, ko‘chaga (namoyish nazarda tutilmoqda — tahr.) chiqishga undadi. O‘zbekiston prezidentidan, xalqidan kechirim so‘rayman. Agar yana bir marta imkon berilsa, hayotimni Dauletmurat Tajimuratovga o‘xshagan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonning dushmanlariga qarshi kurashishga bag‘ishlayman», — dedi u.

Prokuratura xodimi savol bilan yuzlandi.

Ayblovchi: Ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat yo‘llab, Qozog‘istondagi birodarlar bizni qo‘llab-quvvatlanglar. Bizni qamab tashlashsa, orqamizdan O‘zbekistondagi qamoqxonalarga boringlar degansiz.

Sudlanuvchi: Ha, tan olaman. Birinchi kuni videomurojaatni [tarmoqlarga] yukladim, kechga borib o‘chirib tashladim… Dauletmuratni qo‘llab-quvvatlash shaxsiy fikrim edi. Chunki u xalqning muammosini ko‘tarib chiqqandi.

Advokat: Yozma ko‘rsatuvingizda shokka tushib qoldim degansiz. Nima sabab unday bo‘ldi?

Sudlanuvchi: Pensiyamni olib beraman degan odamni qamab tashlashganda shokka tushib qoldim. Nima qilishim kerak edi? Shuncha vaqtdan beri pensiyasiz yashab yuribman. Agar (Dauletmurat Tajimuratov — tahr.) boshidan Qoraqalpog‘istonga ozodlik olib bermoqchiman deganda, men uyimda jim o‘tirgan bo‘lardim.

Dauletmurat: Sizga pensiyangizni olib berolmayman, muddati o‘tib ketibdi, degan edimku. Esingizda yo‘qmi?

Sudlanuvchi: Unday gap esimda yo‘q.

«Dauletmuratning chiqargan videolariga ishonib qoldim»


Saipnazar Kalimov. Foto: Oliy sud videosidan lavha.

Shundan so‘ng, so‘z (1980 y. t., millati qoraqalpoq) Saipnazar Kalimovga berildi.

«Dauletmurat internetda video chiqarib, odamlarga yordam berganini ko‘rsatib yurardi. Shuning uchun o‘sha kunlarda chiqargan videolariga ham ishondim. Uni chaqiruvlariga qo‘shilib, qanday qilib bu ishlarga aralashib qolganimni tushunmay qoldim. Aybimni to‘liq bo‘ynimga olaman, pushaymonman. Menda kimnidir o‘ldiraman, uraman, (hokimiyatni — tahr.) qo‘lga kiritaman degan maqsadim yo‘q edi», — dedi u

«Xalqimdan, prezidentimdan kechirim so‘rayman. Ularga o‘ralashib qoldim. Lekin unaqa g‘arazli niyatim yo‘q edi (yig‘laydi). Imkon bersangizlar to‘g‘ri yo‘lga qaytardim», — dedi gumondor.

«Videoni ko‘rib, ishonib bordim. Bozor oldida olomon harakatlangach, ichimdan yonib, qanday qilib qo‘shilib ketganimni tushunmay qoldim. 2 iyul kuni uyda bir shisha pivo, ko‘chada bollar bilan atigi 100 gr aroq ichgandim. O‘zimni bilib turuvdim, hammasini yaxshi eslayman», — deya qo‘shimcha qildi Kalimov.

«Samat degan tanishimning ko‘krak qismiga o‘q tekkan»

Polat Nurniyazov. Foto: Oliy sud videosidan lavha.

Sudlanuvchilardan yana biri (1986 y. t., millati — qoraqalpoq) Polat Nurniyazov ham Tajimuratovga qarshi ko‘rsatma berdi.

«Nukusdagi voqealarning faqat 2 iyul kunidagisida qatnashganman. Ko‘chalarni to‘sib, balon yoqib ketdik», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, olomon davlat idoralaridan birining binosiga qarab harakatlanganda, ularga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari qarshilik ko‘rsatgan.

«Artizan restorani yonida tushib qoldik. Qarasak, 100−150 odam Beruniy ko‘chasida joylashgan Nukus IIB binosiga qarab harakatlanayotgan ekan. Ular bilan yurdik. So‘ng, o‘zim o‘sha yerga yaqin 23-mikrorayonda yashayman, shunaqasiga uyga kirib ketaman deb o‘yladim. Odamlar tosh otdi, uyoqdan ko‘zni achishtiruvchi gaz uloqtirishdi. Keyin orada o‘q ovozlari ham eshitildi. Mikrorayon orasiga yugurib qochdik. Mikrorayonga kirgan joyda odamlar to‘planib turgan ekan. Borib qarasam, Samat degan tanishim yerda yotgan ekan. Ko‘krak qismiga o‘q tegib, yerda qon oqib, o‘lib yotgandi. Tez yordam chaqirdik, kelavermagach, oq rangli Lacetti turgandi, unga solib, harakatlandik. Keyin tez yordamga solib yubordik», — dedi u.

Nukusdagi iyul voqealaridan bir oy o‘tgach, «Gazeta.uz» bosh muharriri shaharda бo‘lib, IIB atrofida yashovchi bir necha kishi bilan suhbatlashganda, ular ham aynan shu voqea haqida, ya’ni Samat ismli yigit ko‘krak qismiga tekkan o‘q tufayli vafot etganini aytib bergan. Расмиylar namoyishchilarni tarqatish uchun faqat rezina o‘qlar, bo‘sh patronlar va maxsus vositalar ishlatilganini aytishgandi.

Sud davomida ayblanuvchi kechga yaqin undan xabar olishga shifoxonaga borgani, biroq ichki ishlar xodimlari borligini ko‘rib, komendantlik soati bo‘lgani uchun ortiga qaytib ketgan.

Savol-javob vaqtida esa barchasiga Dauletmurat Tajimuratov aybdorligini u ham ta’kidladi.

«Yo‘llarni yopish, balon yoqish bu Tajimuratovning videosiga ta’sirlanib qolishim oqibati. Agar shu video bo‘lmaganida men uydan ham chiqmas edim. Menga hech qayerdan hech qanday buyruq bo‘lmagan. Faqat shu internetdan ko‘rgan videolarim ta’sir qilgan», — deydi ayblanuvchi.

«Xalqimdan, prezidentimdan, sud qatnashuvchilaridan kechirim so‘rayman. Bu qilgan ishlarim, namoyishlarda qatnashib qolganim uchun o‘zimni hech qachon kechirmayman», — dedi Polat Nurniyazov.

Ayblovchi: Qayerlarda va nechta balon yoqdingiz?

Sudlanuvchi: Dastlab uchta joyda balon yoqdim.

Ayblovchi: Maqsadingiz nima edi?

Sudlanuvchi: Tajimuratovni qo‘llab quvvatlash bo‘lgan. U mustaqil bo‘lamiz deb chorladi, biz o‘shanga aldanib qoldik.

«Bu noqonuniy miting ekanligini tushunmagan ekanman»

Arislan Temirxanov. Foto: Oliy sud videosidan lavha.

Ko‘rsatuv uchun navbat (1986 y. t., millati qoraqalpoq) Arislan Temirxanovga berildi.

«1 iyul kuni bozorda yurganimizda birdan miting boshlanib ketdi. Men bozor qilib bo‘lib, xotinimni taksiga o‘tirgizib, uyga jo‘natib yubordim. Keyin miting tomonga bordim. Qarasam, suv tarqatishayotgan ekan, olib bir baklajka ichdim. Keyin odamlar yarim litrlik baklajkada aroq tarqatdi. Undan ichib oldim. Dauletmurat degan ovoz eshitila boshladi», — dedi u.

Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u kechasi 20:00 larda uyga qaytgan va ertasiga bolalarini ota-onasinikiga yuborib, o‘zi yana ko‘chaga chiqqan.

«Internetda Dauletmurat va Lolaning video murojaatlari tarqaldi. Ularni ko‘rib, rostdan ham odamlar qiynalayotganini tushundim. Internetga kirganimizda hamma joyda miting bo‘lib ketdi. Nafaqat qoraqalpoq, boshqa millat bo‘lsada, bu ta’sir qiladi. Dauletmurat qo‘llab-quvvatlang deb turgani bizni yo‘ldan urdi», — dedi u.

U ham boshqalar singari «Molotov» kokteylini tayyorlaganini tan oldi.

«Farxad ismli shaxs „Molotov“ kokteylini tayyorlashni buyurib, otishimizni aytdi. Xotinim menga, qo‘y aralashma, ket bu yerdan, deb aytdi. Poliklinikani devoriga urib, boyagi butilkani sindirdim, yoqib yubormadim. Keyin qolgan ikkita bo‘sh butilkani uzoqroq joyga uloqtirib yubordim», — dedi u.

«Jinoyat ko‘chasiga kirib qoldim, qilgan jinoyatimni to‘liq bo‘ynimga olaman. Ota-onamni yuzini yerga qaratdim, — dedi ayblanuvchi. — Prezidentimiz, O‘zbekiston xalqidan, organ xodimlaridan kechirim so‘rayman. Qilgan ishimdan qattiq pushaymonman. Hurmatli sudya bir marta imkon bering, bundan oldin jinoyat qilmaganman. Agar imkoniyat bersangiz, bundan keyin umuman bunday ishlar qilmaslikka va’da beraman. Tinchgina yashab turgan hayotimizni buzgan (Tajimuratovni qo‘li bilan ko‘rsatib) mana shu bo‘ladi. Shuning orqasidan jinoyat qildik, qayta-qayta xalqim, qo‘llang, yordam bering deb turgandan keyin kim chiqmaydi ko‘chaga? Bularning hech biri noqonuniy mitingligini tushunmagan ekanman».

Ayblovchi: «Molotov»ni tayyorlashga kerakli narsalarni kim berdi?

Sudlanuvchi: Borganimda tayyor butilkalar turgan ekan.

Ayblovchi: Shaxsan o‘zingiz nechtasini tayyorladingiz?

Sudlanuvchi: Videolarda ko‘rsangiz, 40 gramm ham chiqmaydigani bor. Men o‘shani tayyorlagandim. Men uni tayyorlash vaqtida xato ish qilayotganimni tushunib qoldim.

Ayblovchi: Uni kimga uloqtirdingiz?

Sudlanuvchi: Hech kimga uloqtirmadim. Xotiinim ketaylik degandan keyin qo‘limdagini video kamerasi bor poliklinika devoriga uloqtirib, qaytib ketdim. Videodan ko‘rsangiz bo‘ladi, tergovchiga ham aytganman. Hech kimga qarshilik ko‘rsatmadim, kuch ishlatmadim.

Dauletmurat: Mening videolarimda «Molotov» kokteyli tayyorlab, kimgadir ot degan gap bormidi?

Sudlanuvchi: Bu (Tajimuratovga ko‘rsatib) internetna chiqib, bidirlayvermaganda, bunday ishlar bo‘lmasdi. U aytgani yo‘q, lekin shuni chaqiruvlari ortidan jinoyat kelib chiqdi. Buni bittalab aytish shart emas.

Dauletmurat: Kechadan beri sudlanuvchilarning gapini eshitib, seni ko‘rsatmalaring o‘zgaryapti. Ertaga yana o‘zgaradimi?

Sudlanuvchi: Yo‘q, o‘zgarmaydi.

«Eng oxirida gapiraman»

Dauletmurat Tajimuratov. Foto: «Gazeta.uz».

Bundan keyin sudga raislik qiluvchi Yelubay Abibullayev ko‘rsatuv berish uchun Nukus voqealari ishining asosiy figuranti — Dauletmurat Tajimuratovni chaqirdi.

«Hurmatli sudya men bularni tuhmatlarini, sotqinliklarini ko‘rib turibmanda. Ertalab ikki marta burnim qonadi, shunga ozgina mazam yo‘g‘roq. Shunga, ruxsat bersangiz, men eng oxirida, hamma aytib bo‘lgach gapiraman», — dedi u.

Sudya maslahatlashuvga chiqib kelgach, soat 12:10 lar atrofida, yana bir sudlanuvchining advokati Qoraqalpog‘istondan yo‘lga chiqqani va Buxoroga 7 soatda yetib kelishini aytdi. Shularni hisobga olib, sud ishida payshanba kuni soat 9:00 gacha tanaffus e’lon qildi.