Minerva World of Knowledge kompaniyasi asoschisi, hindistonlik tadbirkor Murari Lal Jalan Kun.uz`ga bergan intervyusida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni shantajda aybladi.

Nashrning yozishicha, 2018 yilning 28 sentabr kuni investor loyihalarni amalga oshiradigan MJ Developers kompaniyasi O‘zbekiston hukumati bilan 100 mln dollarlik (avvalroq 500 mln dollar haqida xabar berilgan edi) shartnoma imzolagan va o‘zining to‘rtta yirik loyihasiga sarmoya kiritishni boshlagan.

Dastlab Buxoroda besh yulduzli mehmonxona, so‘ngra Namanganda Namangan Square «Yashil shahar», Toshkentda Minerva city majmuasi va Bektemir tumanida Lake sity sun’iy ko‘li qurilishi boshlandi.

Tadbirkorning aytishicha, Buxoro va Namanganda loyihalar muammosiz amalga oshirilmoqda. 2020 yilda tarkibida maktablar, kollejlar va «jahon darajasidagi» universitetlar bo‘lgan Minerva City majmuasi qurilishi boshlandi. Buning uchun poytaxtning Yangihayot tumanida 15 ming xonadonga mo‘ljallangan turar-joy binolari, bolalar bog‘chalari, yashil sayr maydonchalari, istirohat bog‘lari, bolalar maydonchalari, poliklinikalar, mehmonxonalar, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, savdo markazlari, klabxauslar barpo etish mo‘ljallangan 100 gektar maydon ajratildi.

Oradan uch yil o‘tib, hududda bir nechta turar-joy majmualari qurildi, ammo bugungi kunda bu ish to‘xtab qoldi. Shu fonda ijtimoiy tarmoqlarda yangi uylardan kvartira sotib olish uchun pul to‘lagan 200 dan ortiq fuqaroning shikoyatlari tarqaldi. Ular muddati o‘tib ketganiga qaramasdan uy kalitlarini ololmaganidan, pullari qaytarilmaganidan norozi.

Murari Lal Jalan Toshkentdagi Baxt ko‘li negizida 100 gektar maydonda barpo etilayotgan Lake sity majmuasi va Minerva city loyihasiga 34 mln dollar sarmoya kiritganini da’vo qilmoqda.

«Bir necha oy o‘tdi, lekin „Minerva city“ va „Lake City“ loyihalari uchun to‘liq bosh rejani tasdiqlata olmadik. Men bu borada Toshkent shahar hokimi bilan uchrashib olishni so‘radim, ammo hokim bu taklifni rad etdi. Shundan keyin kutilmaganda prokuratura, ekologiya, yong‘in xavfsizligi boshqarmalari kabi davlat idoralari xodimlari quruvchilarning ishiga xalal bera boshlashdi», — dedi u.

Tadbirkorning tasdiqlashicha, shahar hokimining maslahati bilan qurilish kompaniyalari hindistonlik investor kompaniyasi bilan shartnoma tuzishdan voz kechishmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil martida Jahongir Ortiqxo‘jayev uni hokimiyatga chaqirib, go‘yoki shantaj qilgan.

«Menga 2 ta yo‘l qoldirishdi: yo loyihalarimdan birini, masalan, Lake City`ni amalga oshirishdan rasman voz kechishim, yo 100 mln dollarni bankka joylashim kerak edi (depozit sifatida — tahr.). Men hokimga kelishuvdan tashqari hech kim yangi talablar qo‘ymasligini, tadbirkor sifatida 7 yil ichida sarflanishi kerak bo‘lgan pulni kimningdir hojati uchun oldindan joylashtirish qiyinligini tushuntirdim», — deya tasdiqladi u.

Tadbirkor hokim agar o‘z xohishi bilan shu ishdan birini qilmasa, Minerva city va boshqa barcha loyihalar undan olib qo‘yilishi, O‘zbekistonda kun kechirishi qiyin bo‘lishini aytganini ta’kidladi.

«Boshida shartnomani imzolayotganimizda, barcha kelishuvga amal qilinishi va majburiyatlar bajarilishi va’da qilgandi, endi esa hokim bu mamlakatda shartnomalar hech qanday rol o‘ynamasligini ta’kidlamoqda», — dedi u.

Hokimlik munosabati

Hindistonlik tadbirkor intervyusi yuzasidan Toshkent hokimligi matbuot xizmati bayonot berdi.

«Kun.uz tahririyati tomonidan tayyorlangan va tarqatilayotgan Minerva sity kompaniyasi vakili Murali Lal Jalanning intervyusida Toshkent shahar hokimiga nisbatan aytgan gaplari huquqiy baho berilmagunga qadar davlat xizmatchisini obro‘sizlantirishga qaratilgan deb hisoblaymiz», deyiladi bayonotda.

«Murali Lal Jalanning gaplarini asosli yoki asossizligini tekshirish uchun va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilinadi», — deya ma’lum qildi hokimlik.

Poytaxt ma’muriyati OAVni Bosh prokuratura ushbu holatni qonuniy asosda o‘rganib chiqilgunga qadar asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

«Gazeta.uz» 2021 yil mart oyida Murari Lal Jalan va uning O‘zbekistondagi loyihalari haqida yozgan edi. «Gazeta.uz» o‘rgangan ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Minerva World of Knowledge O‘zbekistonda 40 dan ortiq turar joy va noturar joy binolari qurish, ko‘chmas mulk sotib olish va sotish, shuningdek, maktabgacha, o‘rta va oliy ta’limga ixtisoslashgan kompaniyalar tashkil qilgan.

OAV Jalanning oilasini Janubiy Afrikada korrupsiyada ayblanib sudga tortilgan va AQSh moliya vazirligi tomonidan sanksiyalar qo‘yilgan aka-uka Guptalar bilan bog‘ladi, biroq investorning vakillari uning Gupta bilan biznes aloqalarini rad etishgan.