O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, «Navoiyuran» davlat korxonasi hamda Fransiyaning Orano Mining kompaniyasi o‘rtasida uran qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi. Hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21−22 noyabr kunlari Parijga tashrifi doirasida imzolandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Investitsion bitim almashish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Orano kompaniyasi bosh direktori Nikolas Meys ishtirok etdi.

2019 yil dekabr oyidan boshlab Navoiy viloyatida Fransiya yadro sanoati yetakchisi Orano (51%) va O‘zbekiston Davlat geologiya qo‘mitasi (49%) tomonidan tashkil etilgan Nurlikum Mining qo‘shma korxonasi Navoiy viloyatida uran qidirish va qazib olish ishlarini olib bormoqda. Korxonaning resurs bazasiga «qumtosh» tipidagi uranning uchta istiqbolli hududi — Shimoliy va Janubiy Jangeldi va Yangiquduq kiradi.

Yangi kelishuv hozirda Nurlikum Mining tomonidan boshqarilayotgan «Jengeldi» loyihasidan tashqari O‘zbekistonda yangi uran konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha «eksklyuziv strategik ittifoq»qa asos soladi. Bu Orano va uning O‘zbekistondagi hamkorlari o‘rtasida o‘rnatilgan ishonchni aks ettiruvchi hamkorlikning sezilarli darajada kengayishidir, deya ma’lum qildi fransuz kompaniyasi.

Hujjatda bir qator qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, jumladan, «Jengeldi» loyihasini rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni belgilash, yangi qo‘shma geologiya-qidiruv loyihalarini ishga tushirish, shuningdek, «Navoiyuran»ni modernizatsiya va transformatsiya qilish jarayonida qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonga «yadro yoqilg‘isi qiymati zanjiri»da Fransiya sanoat modeliga e’tibor qaratish imkonini beruvchi ayirboshlash mexanizmi ishga tushirilishi kutilmoqda.

Orano rahbari Nikolas Meys «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida kelishuv «bir necha yuz mln yevro» (dastlabki bosqichda — 50 mln yevro) miqdoridagi sarmoyalar bilan besh yillik rivojlanish dasturini ko‘zda tutishini ma’lum qildi. «Haqiqiy raqamlar hamkorlarimiz bilan muhokama qilinadi. Bu nafaqat kompaniyalarimiz, balki mamlakatlarimiz uchun ham o‘ta strategik dastur», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda uranni konversiya qilish (uran saqlovchi materiallarni — asosan uran oksidlarini uran geksaftoridiga aylantirish bo‘yicha kimyoviy-texnologik jarayon) bo‘yicha muzokaralar boshlang‘ich bosqichda.

Bosh vazir maslahatchisi, Davlat geologiya qo‘mitasi raisi Bobir Islomovning ma’lum qilishicha, hozirda Orano kompaniyasi «qazib olish texnologiyasini belgilab olish» maqsadida yangi maydonlarda qidiruv ishlarini yakunlab, tajriba-sinov ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.

«2024 yilga kelib ular uran oksidining birinchi mahsulotlarini oladilar. Ikkinchi bosqich — darhol [uranning] qo‘shilgan qiymatini shakllantirish strategiyasi va konsepsiyasini ishlab chiqishdan iborat. Bunga parallel ravishda qo‘shimcha qiymatni shakllantirish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha texnik auditni yo‘lga qo‘ymoqdamiz», — dedi u.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, qayta ishlash korxonalari qurilishini boshlash 2024 yilning martiga mo‘ljallangan.

2021 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda 3526 tonna uran qazib olindi. 2022−2030 yillarda ishlab chiqarishni ikki barobarga oshirish, 7100 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) yaqin-yaqingacha uran qazib olish, boyitish va eksport qilish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega edi. 2019 yil yanvar oyidan NKMKni qayta tashkil etish boshlandi va uning negizida alohida davlat aktivlari tashkil etildi. «Navoiyuran» 2022 yildan beri uran qazib oladi.