23 noyabr kuni Parijdagi Luvr muzeyida «O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma ochilishidan avval unga O‘zbekiston va Fransiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Emmanuel Makron tashrif buyurdi. Ko‘rgazmaga ilk tashrif buyurgan jurnalistlar orasida «Gazeta.uz» muxbiri ham bor edi.

Har yili 10 million sayyohni jalb qiladigan dunyodagi eng yirik san’at muzeylaridan biridagi namoyish 2023 yilning 6 martigacha davom etadi. Ko‘rgazma bugungi O‘zbekistonning janubiy hududidan o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li tarixi haqida hikoya qiladi.

Ekspozitsiyada monumental va dastgoh san’ati obyektlari, devor rasmlari, saroylarning o‘ymakorlik detallari, san’at va hunarmandchilik buyumlari namoyish etilmoqda. Sayyohlar eramizdan avvalgi V-VI asrlardan temuriylar epoxasigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan jami 138 ta nodir buyumni tomosha qilishlari mumkin. Ular muzeyning Rishele zali va islom bo‘limida joylashgan.

O‘zbekiston va Fransiya mutaxassislari tomonidan 70 ta buyum ko‘rgazma uchun maxsus restavratsiya qilindi. Restavratsiya ishlari bir necha yildan beri davom etdi.

Ko‘rgazma obyektlari beshta bo‘limda joylashtirilgan.

Dalvarzintepa va Xolchayon zali

Ushbu bo‘limda Kushon imperiyasi davridagi loydan yasalgan haykallar, budda haykallari, Dalverzintepa va Xolchayon xazinalari taqdim etilgan.

O‘zbekiston janubidagi Dalverzintepa Shimoliy Baqtriyaning yirik shaharlaridan biri edi. Arxeologik qazishmalar natijasida bu yerda bir qancha tarixiy-madaniy qatlamlar aniqlangan. Ular: yunon-baqtriya (miloddan avvalgi III-II asrlar), Yuechji-kushon yoki ilk kushon (miloddan avvalgi II-I asrlar), Buyuk Kushon (milodiy I asrning ikkinchi yarmi-II asr), so‘nggi kushon yoki kushon-sosoniylar (III-IV asrlar) va eftaliylar (V asrlar) va Chag‘onxudot (eramizning VI-VII asrlari) davrlari.

Bu yerda 1967 yildan 1974 yilgacha qazish ishlari olib borilgan. Ko‘rgazmada Bodxisattva, Dalvarzin xazinasi, kushon shahzodasining boshi, marjon taqilgan Budda va Devata boshlari, taxtda o‘tirgan hukmdor, sovutli kushon shahzodasi, Aqchaxan qal’adagi devor rasmlari va boshqalarni ko‘rish mumkin.

Bodxisattva (eramizning II-III asrlari). Dalvarzintepadagi buddaviylar ibodatxonasidan topilgan. Buddizmdagi Bodxisattva tasviri bodxichittaga ega bo‘lgan va barcha mavjudotlar manfaati uchun Budda bo‘lishga qaror qilgan mavjudotni (yoki shaxsni) anglatadi. Sanskrit tilida bu so‘zma-so‘z «uyg‘onishga intilayotgan mavjudot» degan ma’noni anglatadi. U 2022 yilda Luvr restavratorlari tomonidan qayta tiklangan.

Devat boshi va kushon shahzodasining boshi.

Kushon shahzodasining boshi (milodiy I-II asrlar). 1973 yilda Dalverzintepa yaqinida olib borilgan qazishmalarda topilgan. Osilib turuvchi tilla bezaklar bilan ziynatlangan konussimon qirrali bosh kiyim uning maqomidan so‘zlaydi. Buyum Surxon vodiysida hukmronlik qilgan hamda qarorgohi Dalverzintepada bo‘lgan kushonlar oilasining elitasini ifodalovchi buddaviylar ziyoratgohining «Podshohlar zali»dagi haykaltaroshlik kompozitsiyalari qatoridan joy olgan.

Dalverzin xazinasi (milodiy I asr) 1972 yilda topilgan. Og‘irligi 35 kg. U 115 ta oltin buyumlardan tashkil topgan. Jumladan, ular orasida qimmatbaho toshlar (firuza, almandin) bilan bezatilgan marjonlar, Geraklning boshi tasvirlangan gemma-intaliyali pektoral (ko‘krakka taqiladigan taqinchoq), qalin uchli bilaguzuklar, ingichka simli sirg‘alar, qulog‘i qayrilgan mahluq tasvirlangan to‘qa (o‘yma yozuvli metall plastinka), kxaroshtx (qadimgi hind yozuvi turlaridan biri) yozuvi tushirilgan uzun to‘g‘ri burchakli quymalar, ko‘plab oval va notekis shaklli quymalar o‘rin olgan.

Ko‘rgazmada Dalvarzin xazinasidan 34 ta buyum namoyish etilgan.

Xolchayon O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Denov tumani hududida eramizdan avvalgi ikki ming yillik o‘rtalaridan eramizning III asrigacha mavjud bo‘lgan qadimiy shahar. Ushbu hududda 1959 yildan 1963 yilgacha arxeologik qazishmalar olib borilgan.

Taxtdagi hukmdor (miloddan avvalgi I asr — milodiy I asr). Haykal qirollik elitasi vakili bo‘lgan markaziy kompozitsiyaga tegishli bo‘lgan. Antropologik yuz turi, maxsus bosh kiyimi, hashamdor libosi va turishi uni Geray sulolasi vakili, ehtimol Gerayning o‘zi (Kushon imperiyasining asoschisi) bilan yaqinlashtiradi, deya ta’kidlaydi ko‘rgazma kuratorlar.

Sovutli qurollangan shahzoda haykali (miloddan avvalgi I asr — milodiy I asr). Haykalda Geray urug‘iga xos yuz xususiyatlariga ega, kelishgan, chiroyli yigit tasvirlangan. Ta’rifdan ma’lum bo‘lishicha, tashqi ko‘rinishning nafisligi, zodagonlar naslidan ekanligi, tiniq aqlni, tug‘ma buyuklikni aks ettiruvchi qora ko‘zlarning ifodalaganligi hukmron oila a’zolaridan birining portreti, ehtimol taxt vorisi.

Qizil Varaxsha zali

Varaxsha saroy binosining qizil zali, milodiy VII asr, 1953 yilda Buxoro viloyatining Varaxsha qishlog‘idan topilgan. Zalning umumiy o‘lchami 12×8,5 m bo‘lib, uning devorlarida sharqiy, janubiy va g‘arbiy polixrom devor rasmlari saqlanib qolgan.

Omon qolgan bu uchta devorning hammasi bo‘ylab sufa (devorning butun uzunligi bo‘ylab chiqib turadigan tosh to‘siq yoki tosh kursi) o‘rnatilgan. Rang-tasvir namunasi parchalari devorlarning pastki qismida kursichalardan 2 m gacha balandlikda saqlanib qolgan. Pastki paneldagi kompozitsiya uzluksiz tasmadan iborat bo‘lib, unda oxra (sarg‘ish)-qizil fonda fillar guruhlari, fillar ustida o‘tirgan odamlar va ularga hujum qilayotgan yirtqich hayvonlar tasvirlangan. U 2022 yilda Luvr restavratori tomonidan qayta tiklangan.

Kofir-qal’a qo‘rg‘onidan o‘yilgan-kuygan panno (eramizning VII-VIII asrlari). Kofir-qal’a qo‘rg‘oni (Samarqand viloyati)ni qazish jarayonida boy suratlar va yog‘och detallar bilan bezatilgan parad-monumental majmuasi aniqlandi. Qal’a, tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, 712−738 yillarda arablar tomonidan bosib olingan vaqtda kuchli yong‘in natijasida vayron bo‘lgan.

2017 yilda yapon-o‘zbek ekspeditsiyasi ko‘rinishidan kichikroq taxt turadigan zal bo‘lgan bir binoni ko‘zdan kechirar ekan, o‘yilgan yog‘ochdan yasalgan bezakning kuygan katta qismlarini topishdi. Panno qazish paytida yomon holatda edi, lekin Luvr restavratori tomonidan 2019 yildan 2022 yilgacha qayta tiklangan va hozirda barqaror holatda.

Ko‘rgazma kuratorlarining ta’kidlashicha, yog‘och panno So‘g‘d san’atining noyob durdona asari hisoblanadi. Old tomonidagi taxtalarda 46 ta odam figurasidan iborat kompozitsiya to‘rt yarusda o‘yilgan. Kompozitsiyaning asosiy syujeti ommaviy ilohga sig‘inish marosimini aks etadi. Ikkita yuqori yarus markazida yotgan sher qiyofasidagi taxtda o‘tirgan ma’buda Nananing katta siymosi joylashgan.

«Ehtimol, bu bugungi ko‘rgazmaning eng muhim eksponati bo‘lsa kerak, chunki u ilgari hech qachon namoyish qilinmagan va biz uni kashf qilganimizda unchalik yaxshi holatda bo‘lmagan. Fransuz mutaxassislari bilan birgalikda uch yil davomida uni bosqichma-bosqich tiklashdi. Bugungi konditsiyalarga keltirish uchun qayta tiklashning taxminan olti bosqichi kerak bo‘ldi. «Kofir-Qal’a»da biz odamlarning ko‘rinishi, liboslari, soch turmaklari xilma-xilligini ko‘ramiz… O‘ylaymanki, bu ko‘rgazmadan so‘ng juda faol izlanishlar boshlanadi, chunki biz eksponatni tiklashga muvaffaq bo‘ldik, ammo ko‘p izlanishlar olib borilgani yo‘q», — dedi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova.

Katta Langar Qur’oni (VIII asr). Qo‘lyozma arab yozuvining eng qadimgi turlaridan biri — kufiy va hijoziy yozuvlarida pergamentga yozilgan. O‘rtacha varaq hajmi 53×35 sm. Qur’on uzoq vaqt Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Langar ota masjidida saqlangan, Kattalangar Qur’oni nomi shu yerdan kelib chiqqan.

Qur’on 2019 yildan 2021 yilgacha Luvr restavratorlari tomonidan restavratsiya qilingan. Tavsifdan ko‘rinib turibdiki, tiklashdan oldin sahifalar juda quruq bo‘lgan. Varaqlari to‘lqinsimon bo‘lib qolgan, ustiga juda ko‘p chang to‘plangan. Restavratorlar konservatsiya jarayonini har bir sahifani tozalashdan boshlashdi. Kitob jiddiy deformatsiya tufayli yomon ahvolda bo‘lgan. Qur’onning umumiy sahifalari soni 208 tani tashkil etgan. O‘zbekistonda 17 sahifa mavjud. Ko‘rgazmaga 2 varog‘i qo‘yilgan. Ularga Moida (106−120-oyatlar) va An’om (1−32-oyatlar) suralari o‘rin olgan.

Yovuzlik xudosi hisoblangan Dakshitning bosh suyagi o‘sib chiqqan boshi (eramizning VII asri) Qadimgi Quvada (Farg‘ona vodiysi) VII asrga oid buddaviylar ibodatxonasini qazish jarayonida topilgan pishmagan loydan yasalgan haykal.

Dakshit — buddizmning «qonun himoyachisi», «e’tiqod qo‘riqchisi» bilan jang qiladigan iblis. Uning buddaviylarning muqaddas an’analarida paydo bo‘lishi «Buddaviy e’tiqodi ta’qiblari tufayli ruhiy yordam umidida osmonning dahshatli jangchilariga murojaat qilish kerak bo‘lgan» keyingi davrlari bilan bog‘liq.

Fayoztepadan topilgan Budda va rohiblar

Fayoztepadan topilgan Budda va rohiblar haykali (eramizning I-II asrlari). U 1968 yilda o‘zbekistonlik arxeolog Lazar Albaum tomonidan Termizdagi Fayoztepa majmuasida, eski Termizning shimoli-g‘arbiy xarobalari yaqinida aniqlangan.

Budda shoxlari nimbni ifoda etadigan muqaddas bodxi daraxti ostida o‘tirgan holda tasvirlangan, uning yon tomonlarida ikkita rohibning shakllari joylashgan. Butun kompozitsiya korinf uslubidagi kapitelli (ustun qoshi-ustunning shipga tutashgan yuqori qismi — tarj.) ustunlarga tayangan yarim oysimon arkaga joylashtirilgan. Budda fikrlayotgan, boshi bir oz oldinga egik holatda tasvirlangan bo‘lib, yuzida tarkidunyochilik aks etgan. Buddaning tanasiga sangxati yopinchig‘i o‘ralgan. Ikki tomonida esa ikki rohib tik turgan holda iloh oldida qo‘llarini uyg‘un holatda ko‘tarib turibdi. Har ikki rohibning ham qo‘llari singan.

Afrosiyob qo‘rg‘onidagi «Elchilar zali»

Afrosiyob qo‘rg‘onidagi (milodiy VII asr o‘rtalari — VIII asr boshlari) «Elchilar zali». 1965 yilda Samarqandning Afrosiyob manzilgohida arxeologlar arablardan oldingi davrga oid devoriy suratlar tushirilgan saroy majmuasini topdilar.

Devoriy suratlar 11×11 m o‘lchamdagi katta kvadrat zalning to‘rtta devorini ham bezatib turgan va 2,5−2,7 m balandlikda saqlanib qolgan. Luvr muzeyining markaziy zalida taqdim etilgan devoriy suratlar zodagonlar uyidagi qabul zalini bezab turgan. Bu joy qo‘rg‘on shimolida, istehkom biqinida joylashishi kerak bo‘lgan qirolning saroyi bo‘lishi ham mumkin. Ehtimol, u VII asrning uchinchi choragida hukmronlik qilgan shoh Varxuman oilasining qarorgohidir.

Ko‘rgazmada ranglar yorqinligini yaxshiroq saqlagan janubiy devor rasmi taqdim etilgan. Xitoy yilnomalariga ko‘ra, har yili Navro‘zda (zardushtiylarning yangi yili) so‘g‘d hukmdorlari poytaxtning sharqiy tomonida joylashgan (sharq va janub — zardushtiylarda jannatga yo‘l) joylashgan ota-onalari maqbarasi tomon yurib borishgan, marosim yakunida esa hayvon qurbonlik qilingan.

Kompozitsiyaning markaziy qismi ushbu interpretatsiyani tasdiqlaydi. Yuzlari niqoblangan ikki personajni ko‘rish mumkin — ularni bugungi kunda ham zardushtiylik ruhoniylari nafaslari bilan muqaddas olovni bulg‘amaslik uchun taqib yurishadi. Unda ruhoniylar emas (erkaklar dunyoviy liboslarda va qurollangan), balki qurbonlik hayvonlariga hamroh bo‘lishni sharaf deb bilgan zodagonlar vakillari tasvirlangan.

Ta’rifga ko‘ra, egarlangan ot dafn marosimida ishlatilgan va, ehtimol, quyosh xudosi hamda o‘liklar sudyasi Mitra uchun mo‘ljallangan. G‘ozlarga kelsak, ular so‘g‘dliklar abadiy zamon xudosi Braxma bilan tenglashtirgan, to‘rtta qiyofasi ega bo‘lgan hamda yovvoyi g‘ozlarga ham timsollashtirilgan Zurvan uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.

Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti direktori Shokirjon Pidayev Afrosiyob freskasini «bebaho» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eksponat yo‘l qurilishi vaqtida topilgan.

«Freska olti yil davomida qazib chiqarilgan, chunki u darhol qaziladigan bo‘lsa, kislorod bilan o‘zaro ta’sir tufayli ranglar yo‘qolishi mumkin edi. Shuning uchun arxeologlar oz-ozdan qazib olishdi va darhol maxsus kimyoviy moddalarni qo‘llashdi. Bundan tashqari, 11 metrlik freskani darhol tortib olishning iloji bo‘lmaydi, shuning uchun biz uni bo‘lishga majbur bo‘ldik», — dedi u.

Shokirjon Pidayevning aytishicha, ko‘rgazma tarixiy ahamiyatga ega, chunki eksponatlar Yevropada ilk bor namoyish etilmoqda. «Luvrga dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurishadi. Sayyohlar freskani ko‘rgandan so‘ng, ulartopilgan joyni ham ko‘rish istagi paydo bo‘ladi. Bu, albatta, O‘zbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bularning barchasi bir-biriga bog‘langan. Misol uchun, 2018 yilda Janubiy Koreyada bir yil davomida ko‘rgazma o‘tkazdik, ko‘rgazmadan uch oy o‘tgach, ushbu mamlakatdan turistlar guruhi O‘zbekistonga kela boshladi», — dedi u.

Ko‘rgazmaning ilmiy kuratori Rokko Rante O‘zbekiston ko‘rgazmasi Luvrda Markaziy Osiyo tarixiga oid ilk ko‘rgazma ekanligini ta’kidladi. «Arab dunyosi institutida juda kichik ko‘rgazma bo‘lib o‘tgandi… Ilmiy kuratorlar faqat Samarqand haqida kichik katalog chiqarishgandi, hozir esa butun O‘zbekiston namoyish etilmoqda», — dedi u.