So‘ngi 7 kunlikda koronavirus bilan kasallanib, karantinga olingan shaxslar soni 2310 nafarni va karantindan chiqarilganlar esa 1306 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 23 noyabr holatiga koronavirus bilan kasallanganlar soni 245 665 nafarni tashkil etib, ulardan 243 234 nafari (99,1 foiz) sog‘aygan, 1637 nafari (0,6 foiz) vafot etdi. So‘ngi 7 kunlikda statsionarga yotqizilgan bemorlar soni 482 nafarni, davolanib chiqqanlar soni 358 nafarni tashkil qildi.

«So‘ngi 14 kunlik tahlilda kasallikning tarqalganlik darajasi 2,0 ni (JSST ekspertlari xulosasiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 1,0 gacha bo‘lsa vaziyat barqarorligini anglatadi) tashkil etmoqda. Hozirda COVID-19`ni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarda 539 nafar bemorlar qolmoqda, uy sharoitida davolanayotganlar esa 187 nafar», — dedi Nurmat Otabekov.

Foto: AOKA

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar 2022−2023 yillar kuz-qish mavsumida koronavirus infeksiyasi bilan miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.

«Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirilmoqda va epidemik vaziyat to‘liq nazorat ostiga olingan», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq O‘zbekistonda so‘nggi bir hafta ichida koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar soni yana oshib borayotgani xabar qilingandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 24 noyabr, payshanba kuni 98 nafar fuqaroda kasallanish qayd etildi.