Angren shahri hokimi Alisher Raimov hududda qurilayotgan prezident maktabi ta’minotchilari bilan muloqot chog‘ida haqoratli so‘zlar ishlatib, tadbirkorga so‘kingandi. Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati hokimga «hayfsan» intizomiy jazosi berilganini ma’lum qildi.

Shaharda qurilayotgan prezident maktabiga qurilish materiallari yetkazib berilishi masalasi yuzasidan muloqot davomida hokiminiki deyilgan ovoz egasi Latif ismli shaxsni «qamattirib qo‘ygani»ni, ta’minotchi korxona qurilish materiallarini yetkazib bermasa, 1 mlrd so‘mga «uxlashi»ni aytgan, shuningdek, suhbatdoshlaridan birini qo‘pol ravishda so‘kib, haqorat qilgan.

Holat yuzasidan 19 noyabr kuni viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasining yig‘ilishida ana shu masala ko‘rib chiqilib, tegishli chora ko‘rish uchun viloyat hokimi Zoyir Mirzayevga taqdimnoma kiritilgan edi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning farmoyishiga binoan Vazirlar Mahkamasining «Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori talablariga rioya qilmagani, davlat xizmatchisining kasb etikasini buzgani, mansab vakolatlarini suiste’mol qilib, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun Angren shahar hokimi Alisher Raimovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.