Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Germaniya turistik assotsiatsiyasii (DTV — Deutscher Tourismusverband) prezidenti Norbert Fiyebig bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyatini DTV assotsiatsiyasining marketing resurslaridan foydalangan holda keng targ‘ib qilish, Germaniyadan Samarqand shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

O‘zbekistonning turistik salohiyatini Yevropada targ‘ib qilish va yevropalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida «Destination Forum» (DTV `ga a’zo eng yirik va salohiyatli turistik tashkilotlarning turistik forumi) loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda DTV o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan masalalarni amalga oshirish maqsadida o‘zaro media reja loyihasi ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Air Arabia kelgusi yilda Abu-Dabi tayanch aeroportidagi loukosterlar sonini 2 baravarga ko‘paytirmoqchi ekani va shunga muvofiq, kompaniya Samarqand yoki Buxoro shaharlariga muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.