Tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida bir qancha fermerlar va IIO xodimlari o‘rtasidagi janjal aks etgan videotasvirlar tarqaldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi va Ichki ishlar vazirligi munosabat bildirdi.

Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida yerini himoya qilayotgan fermerning yeri noqonuniy ravishda hokimiyatning yordami bilan Surhon cotton textile cluster klasteriga olib berilgani yozib qoldirdi.

Shuningdek, u uzoq vaqt qonuniy kurashlardan so‘ng fermer Oliy sud orqali o‘z yerini qaytarib olish haqida qarorga erishgani, ammo mahalliy hokimlik tomonidan qaror ijro etilmay, fermerga o‘z yeri qaytarib berilmay kelinayotganini qayd etdi.

«Hokimiyat, ichki ishlar va boshqa idoralarning klasterga „advokatlik“ qilayotgani, qonunlarni tan olmay fermerga zo‘ravonlik qilayotgani O‘zbekistonda fermerlarga oid qonunlar amalda ishlamayotlanini ko‘rsatmoqda. Aytishlaricha, videoda yerini himoya qilayotgan shaxs Parda Turabov fermer xujaligi boshlig‘i. Bu ishdan keyin Ichki ishlar vazirligi Qiziriqdagi xodimlarini rahbari bilan birga to‘liq klasterga ishga o‘tkazvorgani ma’qul», — deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Qiziriq tumani hokimligi matbuot xizmati vaziyatga munosabat bildirar ekan, xalq deputatlari Qiziriq tuman Kengashining 2020 yil 10 dekabrdagi qarori bilan tumandagi jami 25,313 ming gektar yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga olish hamda tumanda yangi tashkil etilgan Surhon cotton textile cluster MCHJga ajratib berish to‘g‘risida qaror qabul qilingani qayd etdi.

Shuningdek, hukumatning 2021 yil 20 avgustdagi «Surxondaryo viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 534-sonli qaroriga asosan Qiziriq tuman hokimligining zaxirasida bo‘lgan 24,3 ming gektar yer maydonlari Surhon cotton textile cluster MCHJga 25 yil muddatga ijaraga berish to‘g‘risida qarori qabul qilingan.

«Biroq O.Turopov boshchlik qilayotgan „P.Turopov“ va 13 nafar boshqa fermer xo‘jalik rahbarlari tomonidan yuqorida keltirilgan Vazirlar Mahkamasi qarorini o‘zlariga tegishli qismlarini haqiqiy emas deb topish haqida Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga shikoyat qilishgan. Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qarorlariga asosan ularning shikoyatlari qanoatlantirishdan rad etilgan», — deyiladi hokimlik xabarida.

Keyinchalik ular sudning hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib Toshkent shahar ma’muriy sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat qilishgan.

Apellyatsiya instansiyasi sudining hal qiluv qaroriga asosan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan hamda ariza talabidan voz kechish haqidagi arizalariga asosan ushbu ma’muriy ish yuritishdan tugatilgan. Termiz tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan qilgan shikoyatlari ham rad etilgan.

«Hozirda yuqorida nomlari keltirilgan fermer ho‘jaligi rahbarlarining yerga bo‘lgan huquqlari bo‘lmasa-da, o‘zboshimchalik bilan Surhon cotton textile cluster MCHJga tegishli yer maydonlariga 2023 yil hosili uchun g‘alla ekishmoqchi bo‘lishgan», — deyiladi munosabatda.

Hokimlik Oliy sud tomonidan yerlar fermerga qaytarib berilishi to‘g‘risida qaror qabul qilganiga to‘xtalmagan.

Qayd etilishicha, 18 noyabr kuni Surhon cotton textile cluster MCHJ xodimlarining O.Turopov va boshqalar g‘alla ekishga to‘sqinlik qilayotgani to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan tuman IIB xodimlari g‘alla ekilayotgan maydonlarga tartib saqlash va boshqa ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida borishgan.

Holatga munosabat bildirgan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur kelishmovchiliklar ochiqdan-ochiq janjalga aylanib, voqea ishtirokchilari o‘zlarini traktor tagiga tashlash, bir-biriga hamda o‘zgalarning transport vositalariga shikast yetkazish kabi harakatlarni amalga oshirgan.

«Chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib kelgan hududiy ichki ishlar organlari xodimlari jamoat tartibini tiklab, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bilan profilaktik suhbat o‘tkazganlar. Barcha voqea ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho beriladi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli fikrlarga barham berish uchun ichki ishlar organlari xodimlarining tadbirkor yoki fermerlarning ish faoliyatiga aralashish huquqlari yo‘qligini, lekin maqsadidan qat’i nazar, jamoat tartibini buzilishiga yo‘l qo‘ymasliklarini eslatib o‘tdi.