Toshkentda 19 noyabr kuni 20 yoshli ayol Shahidlar xotirasi xiyobonidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanaliga o‘zini tashladi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 20 yoshli ayol oilaviy janjal tufayli o‘zini suvga tashlagan. Holatni ko‘rgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari — Navro‘z Egamberganov va Sarvar Ibodullayev ayolni suvdan olib chiqqan.

Ayolni qutqargan Milliy gvardiya xodimlari. Foto: «Daryo»

Shundan so‘ng ko‘p suv yutishi oqibatida hushini yo‘qotgan ayol zudlik bilan «tez yordam» mashinasida Yunusoboddagi shahar 7-klinik kasalxonasiga olib kelingan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, ayol hushiga kelgan, ahvoli barqaror.

Voqea yuzasidan tergov organlari surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Avvalroq Samarqand viloyatida qaynonasi bilan urushib qolgan 26 yoshli ayol uch nafar farzandi bilan birga o‘zini Darg‘om kanaliga tashlagani, oqibatda bolalarning ikki nafari halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.