O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 35-yalpi majlisida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdi. Ushbu qonunlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 14 noyabr kuni qabul qilingan edi.

Yalpi majlisda senatorlar «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunlarni muhokama qildi.

«Senatorlar davlat chegarasi bilan bog‘liq nizoli masalalarning hal etilishi O‘zbekiston milliy xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi, chunki bu chegaradagi nizolarning oldini olish va noqonuniy savdoga samarali qarshi kurashish imkonini beradi. O‘z navbatida, Andijon (Kampirobod) suv omboridan birgalikda foydalanish minglab fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz ta’minlashda ishonchli kafolatlar yaratadi», — deyiladi Senat axborotida.

Senat muhokama yakunlari bo‘yicha qonunlarni ma’qullash to‘g‘risida qarorlar qabul qilgan.