17 noyabr kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshi Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani va ikki davlat hukumatlari o‘rtasida Kampir-obod (Andijon) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini qabul qildi (har ikki hujjat 3 noyabr kuni Bishkekda imzolangan).

Majlisda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham ishtirok etdi. Qonun loyihalarini Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev taqdim etdi va deputatlar savollariga javob berdi, deb xabar bermoqda Qirg‘iziston parlamenti matbuot xizmati.

Bundan uch kun avval «Gazetauz» mazkur ikki hujjatni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingani haqida yozgan edi.

Prezident Sadir Japarov yig‘ilishda so‘zga chiqib, «Ko‘p yillardan beri hal etilmagan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara masalasiga nuqta qo‘yilishi kerak bo‘lgan kun»ni tarixiy deb atadi. U deputatlarga davlat taqdiriga daxldor qarorlar qabul qilishda mas’uliyat bilan yondashishni so‘rab murojaat qildi.

Qirg‘iziston parlamentida qonun loyihalari muhokamasi ushbu mamlakat nashrlari tomonidan jonli efirga uzatildi. oktabr oyi oxirida Kampir-obod suv ombori hududi O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqan 20 ga yaqin siyosatchi va faollar hibsga olingani haqida yozgan edik.

O‘zbekiston bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimni uchinchi o‘qishda 64 deputat yoqlab, 19 nafari esa qarshi ovoz berdi, deb yozadi Kaktus.media.

Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston 4485 gektar, Qirg‘iziston 19699 gektar hududni oladi.

Qirg‘iziston quyidagi yerlarni oldi:

  • Gavasoy maydoni — 12949 gektar;
  • Ala-Buka tumani Ko‘k-Serek qishlog‘i — 105 gektar (U yerda Qirg‘iziston fuqarolari yashaydi);
  • Ala-Bo‘ka tumani, Bayaston qishlog‘i — 212 gektar;
  • Ungar-Too tog‘i — 35 gektar;
  • Qora-suv tumani Oq-Tosh qishlog‘i — 100 gektar;
  • Ala-Buka tumani, Qora-Beles qishlog‘i — 25 gektar (ilgari O‘zbekistonda bo‘lgan);
  • Shahrixon-Soy kanalining bir qismi — 19,5 gektar (kanalning boshidagi 19,5 gektar O‘zbekistonga tegishli);
  • Suzoq tumani — 500 gektar qo‘shimcha;
  • O‘zgan tumani — qo‘shimcha ravishda 500 gektar;
  • Ala-Buka tumanidagi Ortoto‘koy suv ombori — 1009,5 gektar (to‘liq);
  • Ala-Buka tumanidagi Ko‘k-Serek, Birinchi May qishloqlari — 1307 gektar;
  • Aeroport hududi, Jetigen, Kerben Axsi tumani — 571 gektar;
  • Nooken tumani Shamaldi-Say qishlog‘i — 1088 gektar;
  • Aravon tumani — 148 gektar;
  • Qadamjay tumanining Ko‘k-Tala, Pildirak posyolkalari — 1013 gektar.

Kelishuvlar doirasida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi anklavi hisoblangan Barak qishlog‘i aholisi Qirg‘izistonga ko‘chiriladi. Qishloq 208 gektar yerga almashtiriladi.

Kampir-obod suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim yuzasidan ovoz berishda 65 deputat yoqlab, 18 deputat qarshi ovoz berdi.