Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisi Anvar Umarovga «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llash to‘g‘risida farmoyish imzoladi.

Hayfsan berish sababi sifatida boshqarma balansida bo‘lgan texniklardan samarali foydalanmagani va ishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari qayd etilgan.

2 noyabr kun davomida yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Toshkentning ayrim ko‘chalarida suv toshishi kuzatilgandi. Toshkent shahar hokimligi ushbu toshqinlarga yagona sabab sifatida yul va ariqlarga tashlangan chiqindilar ekanini ma’lum qilgandi.

16 noyabr kuni ham poytaxtda yog‘ingarchilik kuzatildi. Ariqlarda suv to‘planib, yo‘l yoqasida ko‘lmaklar hosil bo‘ldi. Bir qator tuman hokimliklari yog‘ingarchilik oqibatlari bartaraf etilayotganini ma’lum qilib (1, 2, 3, 4, 5) ish joyda olingan suratlarni e’lon qildi.

Olmazor tumani hokimligi

Yunusobod tumani hokimligi

Yakkasaroy tumani hokimligi

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi

Toshkent shahar hokimiyati 3 noyabr kuni E-qaror portalida poytaxt xalq deputatlari Kengashining birinchi yarim yillik budjetidagi tushum va xarajat to‘g‘risida qarorlarni dastlab e’lon qilib, keyin o‘chirib tashladi. Jamoatchilik tanqididan so‘ng hujjatlar qayta tiklandi. Ushbu hujjatda keltirilishicha, I yarim yillikda Toshkent shahar hokimligi drenaj ishlariga ajratgan budjet xarajati 6,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.