Nemolchi.uz — zo‘ravonlikka qarshi loyihasi va 139 Documentary Center galereyasi NeUyat festivaliga start berishdi. Festivalning maqsadi jinsiy zo‘ravonlik voqeligi atrofidagi sukunat madaniyatini yo‘q qilishdir.

Tashkilotchilarning fikriga ko‘ra, muammo go‘yoki «yopiq qopqoq ostida»: u mavjud, ammo bu haqda gapirish odatiy hol emas — ya’ni «uyat»dir. Jamiyat zo‘ravonlik qilgan tajovuzkorlarni emas, qurbonlarni qoralashi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Ko‘pincha bunday vaziyatga duch kelgan ayollar va bolalar «o‘zini noto‘g‘ri tutgan» yoki «provokatsiya qilgan»likda ayblanishadi.


«Jamiyatda jinsiy zo‘ravonlik odatda noto‘g‘ri kiyingan, noto‘g‘ri joyda bo‘lib qolgan, noto‘g‘ri gapirgan yoki noto‘g‘ri ish qilganlar bilangina sodir bo‘ladi deb qabul qilinadi. Ko‘rgazma bu yerda „noto‘g‘ri“ degan tushunchaning yo‘qligini ko‘rsatadi. Bu kabi zo‘ravonliklar hammaga ta’sir qilishi va har daqiqada sodir bo‘lishi mumkin», — deydi Nemolchi.uz loyihasi koordinatori Nigina Xudaybergenova.

Boshdan kechirilgan travmalarga uyat va aybdorlik hissi qo‘shilgach, qurbonlar sukut saqlaydi. Ommaviy targ‘ibotning yo‘qligi jinsiy jinoyatlarning jazosiz qolishiga imkon beradi. Galereyaning har bir burchagi bu haqda tom ma’noda «shovqin ko‘taradi». Sovuq va kimsasiz — ushbu ko‘rgazma zo‘ravonlik qurbonlari hayotida qanchalik kam iliqlik va qanchalik ko‘p og‘riq, befarqlik mavjudligini ko‘rsatadi.

Har bir san’at obyektining orqasida, xoh u installyatsiya bo‘lsin, xoh fotohikoya yoki xoh tasvir bo‘lsin, ularda jabrlangan ayollarning haqiqiy hikoyalari yoki mualliflarning shaxsiy travmatik tajribalari aks etgan.

Rassom va volontyor Milana Gasheva nikoh to‘shagi va qabrning qo‘sh qiyofasi orqali jamiyatda noqonuniy harakat sifatida tan olinmagan jinsiy va oilaviy zo‘ravonlik muammosiga murojaat qiladi. Ko‘pincha, oilani sharmandalikdan qutqarishga urinib, ota-onalar qizlarini zo‘ravonlarga turmushga berishadi. Nechta oilaviy rishtalar qabristonga borib taqalgani ma’lum emas.


Nemolchi.uz loyihasi rahbari Irina Matviyenkoning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi gender asosdagi jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qiladi. 2021 yilda zo‘rlash va zo‘rlashga harakat qilish holatlari soni 335 tani tashkil etgan bo‘lsa, shundan 331 tasi erkaklar tomonidan sodir etilgan. Biroq, Jinoyat kodeksining 128-moddasi («16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lish»), 128−1 moddasi («16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy boyliklar yoki mulkiy manfaatlar berish yo‘li bilan jinsiy aloqada bo‘lish») va 129-moddasi («16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlar») bo‘yicha statistik ma’lumotlar ochiqlanmagan.

«O‘tgan yili 300 ga yaqin zo‘rlash holatlari kuzatilgani haqida ma’lumot berilgan — aholi zichligini hisobga olsak, bu kichik statistik ko‘rsatkichdir. Bu jinoyatning ushbu turi yashirin jinoyatlar toifasiga kiritilganligini ko‘rsatadi. Ular huquq-tartibot idoralariga bildirilmaydi, chunki bu tabu mavzu», — deydi Irina Matviyenko.


Uning so‘zlariga ko‘ra, sodir etilgan yashirin jinoyatlar jazosiz qolayotgani uchun ham xavflidir. Zo‘ravonlar ular haqida xabar berilmasligini bilishadi. Agar ish qo‘zg‘atilgan taqdirda ham jazo yengil bo‘ladi. Misol tariqasida u 14 yoshli maktab o‘quvchisining zo‘rlanishi bilan bog‘liq sud ishini keltiradi. Sobiq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va uning qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgan ikki sherigi muddatining to‘rtdan bir qismini o‘tab, qamoqdan shartli ravishda ozod qilindi (o‘qituvchi bir yildan so‘ng, sheriklari olti oydan keyin ozodlikka chiqarildi).

«Yumshoq qonunchilikda o‘z ifodasini topgan davlat siyosati, zo‘ravonlarga nisbatan ishonchli munosabat bunday jinoyatlarning oldini olishga emas, balki ularni sodir etish uchun qulay zamin yaratishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda bu holatlarga jim qarab turilishi, jabrlanganlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmayotgani, nomutanosib jazo qo‘llanilayotgani uchun davlatni bevosita javobgar deb bilaman. Natijada, biz past statistika va bizda hamma narsa yaxshi degan tasavvurga ega bo‘lamiz. Biz bu tasavvur bilan 25 yil yashadik va hozir bu yerda hamma narsa o‘sha paytdagidek „prekrasno“», — deydi Irina Matviyenko.

Rassom Shohnigor O‘lmasova ijodida jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari boshidan kechirgan voqealarga e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu orqali bunday jinoyatlarni tergov qilish masalasi ko‘tarilgan. U galereya devorlari ichida vanna installyatsiyasini qayta yaratdi. Yerga sochilgan qora poyali quritilgan atirgullar va suvdagi tosh sizni turgan joyingizda «tosh qotishingizga» sabab bo‘ladi.

Nigina Xudaybergenovaning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday tuyg‘u zo‘ravonlikka qurbonida voqea sodir bo‘lganidan keyin birinchi soatlarda uchraydi — ular to‘g‘ri reaksiya qila olishmaydi, harakat qila olishmaydi. Vanna qabul qilish — tozalanish istagidagi insonning tabiiy ehtiyojidir, ammo axloqiy «ifloslik» bilan bir qatorda dalillar ham yuviladi, agar jabrlanuvchi huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat qilsa, bu tergovga xalaqit berishi mumkin.

«III uch boshli kit» installyatsiyasida tasvirlangan hikoya avtobiografikdir. Moskvalik rassom Katya Yanova 13 yoshlik chog‘ida, bir kishi uning maktabdan uyga ketayotganini poylab o‘tirgan edi. Pichoq bilan tahdid qilib, qizni uy pod’ezdiga olib kiradi va u bilan birga eng yuqori qavatga chiqishini talab qiladi.

«Biz bir nechta qavatlarni bosib o‘tdik va to‘xtaganimizda men qochishga muvaffaq bo‘ldim. Men imkon qadar tez yugurishga harakat qildimki, qavatma-qavat, kvartiradan-kvartiraga pastlab chopayotgan edim. Kimningdir qo‘ng‘irog‘ini chalish yoki taqillatish xayolimga ham kelmagan edi — oyoqlarim meni avtonom tarzda yetaklardi», — deya rassom o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning ishlari — nafaqat najot topish imkoniyati va najot topa olmaslik holatlari, balki atrofimizdagi dunyoning befarqligi haqida ham fikr yuritadi. Qo‘rqqan qizning ko‘z o‘ngida qulflangan eshiklar bolalar fotoalbomidan o‘z o‘rnini topgan yagona xotiralardir.

NeUyat ko‘rgazmasi ustida 11 nafar rassom ishlagan. Tayyorgarlik jarayonida ular seminarlarda qatnashishdi va mualliflarga mavzu bilan qanday nozik ishlash, qanday terminologiyadan foydalanish kerakligi tushuntirildi.

«Umid qilamizki, festival va ko‘rgazma muammodan xabardorlikni oshirishga yordam beradi. Faqat muammoni baland ovozda e’lon qilish va jabrlangan qizlarni qo‘llab-quvvatlash orqali biz jinsiy zo‘ravonlik tabusini yengib, odamlar ongida va qaror darajasida o‘zgarishlarga erishishimiz mumkin», — deydi Nigina Xudaybergenova.

139 Documentary Center gallereyasidagi NeUyat ko‘rgazmasi 2 dekabrgacha davom etadi. Ko‘rgazmani seshanbadan shanbagacha soat 11:00 dan 19:00 gacha ko‘rish mumkin.

Festival dasturiga ko‘ra, 18 noyabr kuni «O‘ldiruvchi yoz» (1983) filmi namoyishi, 25 noyabrda esa jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ommaviy ma’ruza o‘tkaziladi.

Barcha tadbirlarga kirish bepul.