Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi tomonidan 15 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod qilindi, 116 nafariga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi, deya xabar qildi O‘zA Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizmatiga tayangan holda.

Qayd etilishicha, davlat dasturlari asosida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash hamda aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari bo‘yicha bugungi kunga qadar 11 tumanda majlislar o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan majlislar bayonnomalari asosida Davlat dasturlari doirasida belgilangan topshiriqlarni, o‘z sohalari bo‘yicha yuklatilgan vazifalarni bajarishda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmagan mansabdor shaxslarga choralar ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumani hokimi Ilhom Matkarimov fermer xo‘jaligi rahbaridan 100 mln so‘m olganlikda gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.