Surxondaryoning olis hududlaridagi maktab filiallarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning asosiy maktablarga qatnashlari uchun avtotransport ajratildi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi viloyat budjetining 2022 yil I chorak yakuniga ko‘ra daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan XTB tasarrufidagi 26 ta umumta’lim maktabiga 26 dona Damas avtomashinasi berilishi borasida qaror chiqardi.

Ushbu avtotransport vositalari viloyatdagi sharoitlari mavjud bo‘lmagan maktab filialarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarni asosiy maktablarga tashish uchun xizmat qiladi.

«Kunning jaziramasi, qishning qahratonida olis maktablarga qatnaydigan 789 nafar o‘g‘il-qizning quvonchi cheksiz. Ular barcha sharoitlari mavjud maktablarga transport vositasida qatnashadi. Viloyatdagi 26 ta ta’mirtalab maktab filiallarining faoliyati tugatildi», — deyiladi xabarda.