Quruvchiga qarshi kurashda «Ko‘tarma» mahallasi aholisi tarafini olgan profilaktika katta inspektori kapitan Azimjon Qudabayev Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimligi tomonidan taqdirlandi.

Chilonzor tumani 10-mavzedagi 1, 3, 9 va 39-uylar aholisi to‘qqiz qavatli turar-joy qurilishi rejalashtirilgan daraxtzorni qanday himoya qilishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Mojaro ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Vaziyatga poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham aralashdi.

Maydonni aholidan tashqari asrab-avaylashni qat’iy va ochiq qo‘llab-quvvatlagan, tadbirkorni so‘roq qilgan inspektor voqea qahramoniga aylandi. Internetda tarqalgan videoda u quruvchi-tadbirkordan qurilishning qonuniy asoslarini so‘raydi va ishni to‘xtatishni talab qiladi.

«Mazkur manzilda tadbirkor hududni o‘rab olish ishlarini boshlagan vaqtida kapitan Azimjon Qudabayev vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda jarayonni o‘z vaqtida to‘xtatib qoldi. Mahalla nozirining bu harakatlari tuman hokimligi, aholi hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi», — deyiladi tuman hokimligi xabarda.

«Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev va sektor rahbarlari tomonidan ushbu xodimning o‘z kasbiga sadoqatli mehnati uchun minnatdorchilik bildirildi va munosib taqdirlandi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, hokimlik tumanda jamoat xavfsizligi, aholi osoyishtaligini ta’minlashga hissasini qo‘shayotgan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi faoliyatida jasorat namunasini ko‘rsatayotgan barcha xodimlarga minnatdorchilik bildirdi.