Vazirlar Mahkamasining 8-noyabrda qabul qilingan qaroriga asosan chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish bo‘yicha Tax Free tizimi joriy etiladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Tax Free qaysi mahsulotlarga tatbiq etiladi?

Tizim respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo obyektlarida qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Xususan, bular — meva va yong‘oqlar, parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari, charm va mo‘yna mahsulotlari, yog‘ochdan yasalgan buyumlar, gilamlar, to‘qilgan savatlar, ipak buyumlar, kiyim-kechak va ular uchun aksessuarlar, poyabzal, keramika buyumlari, pichoqlar, qaychi, oshxona anjomlari, maishiy texnika, telefonlar, soatlar, o‘yinchoqlar va sport buyumlari (batafsil ro‘yxat qarorda keltirilgan).

Qancha miqdorda xaridni amalga oshirish lozim?

Umumiy qiymati kamida 1 mln so‘m bo‘lgan Tax Free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarni xarid qilish lozim.

Shuningdek, tizim bo‘yicha tovarlar sotiladigan do‘konlar o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan maxsus belgilar bilan belgilanadi. Mahsulot O‘zbekistonda qo‘llanilmasligi va chet el fuqarolarining qo‘l yukida yoki qo‘shimcha yukida bo‘lishi kerak.

Chet el fuqarolari Tax Free`dan qanday foydalanishi mumkin?

Buning uchun chet davlat fuqarosi Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishi va xaridlari bo‘yicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kifoya.

Tax Free summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisobvarag‘iga o‘tkazib berish tizim operatori Soliq-servis DUK tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayonlarni Soliq mobil ilovasida onlayn vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

Chet davlat fuqarolari O‘zbekiston hududini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch xalqaro aeroportlari orqali tark etganda tizim operatoriga murojaat qilgan holda mahsulot xarid qilgan paytdan boshlab 3 oy ichida QQS summasini qaytarishni rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.

To‘langan soliq summalari qachon qaytariladi?

Tax Free summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangan so‘ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.

Eksperiment natijalariga ko‘ra 2024-yildan boshlab O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlar va temir yo‘l vokzallari, shuningdek, chegara o‘tkazish punktlarida QQSni qaytarish punktlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bunda tizim operatori davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tanlanadi yoki buning uchun xalqaro kompaniya jalb qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, xorijiy fuqarolarga to‘langan QQS summasini qaytarish tizimini joriy etish rejalari 2017-yildan buyon muhokama qilib kelinadi. 2019-yilning iyul oyida ushbu tizimni joriy etishni nazarda tutuvchi prezident qarori qabul qilingan edi.