Ta’limda muammolar g‘ij-g‘ij bo‘lib turganida, o‘qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo‘shimcha vazifalar yuklash ortiqcha, dedi Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva. U bu fikrni bloger Nikita Makarenkoning O‘zbekistonda o‘qituvchilarni uyma-uy yurib, bolalar haqida ma’lumot to‘plash ishlariga jalb qilish ko‘p yillardan buyon davom etayotgani haqidagi chiqishidan so‘ng bildirdi.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda o‘qituvchilarni «xuddi yigirma yil oldingi kabi» xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib «juda xafa bo‘lgani»ni ma’lum qildi.

«Men o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so‘rab qolaman», — deyiladi Saida Mirziyoyevaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan bayonotda.

Uning qayd etishicha, o‘qituvchilarning asosiy vazifasi — «farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini ta’minlashdir». «Buning o‘zi juda murakkab vazifa. Ta’lim yo‘nalishida shundoq ham muammolar g‘ij-g‘ij bo‘lib turganida, ustiga-ustak o‘qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo‘shimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha», — deydi u.

«O‘qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O‘zbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi. Men barcha mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o‘qituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini so‘rayman», — deb murojaat qilgan Mirziyoyeva.

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, hozir O‘zbekistonda ta’lim «birinchi raqamli ustuvor masaladir».

«Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero faqat ta’lim, faqat o‘qituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun ham ustozlarimizni e’zozlashimiz shart!», — deya o‘z murojaatini yakunlagan Saida Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyevaning bayonotidan ko‘p o‘tmay, Prezident administratsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Allamjonov Xalq ta’limi vazirligi hamda tegishli mutassaddilarga o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan administratsiya tomonidan tegishli ko‘rsatma berilganini ma’lum qildi.

Bungacha XTV o‘qituvchilarni boshqa ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanishi, shunday holatlar qayd etilganida esa vazirlik ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini eslatib o‘tgan edi.

Bloger Nikita Makarenkoning qo‘shimcha qilishicha, unga boshqa ishlarga jalb qilish holatlari yuzasidan nafaqat maktablarning o‘qituvchilari, balki bolalar bog‘chalarining tarbiyachilari va tibbiyot xodimlari ham ommaviy murojaat qilmoqda. Keyinroq uning bu xabariga sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev munosabat bildirgani, agar shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari mavjud bo‘lsa, ularni qat’iy bartaraf etishga xohish borligini bildirgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Senatining Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi ham «bu kabi holatlarni to‘liq qoralashini» ta’kidladi. «Milliy komissiya […] nafaqat Xalq ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, balki boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda xodimlarning o‘z funksional vazifalaridan boshqa ishlarga jalb etilishining oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rib boradi», — deyiladi tuzilma bayonotida.