O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti matbuot xizmati xabar qildi. Unga bu yuksak mukofotni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirdi.

«Hurmatli Rejep Tayyip Erdog‘an janobi oliylari! Sizlarni Samarqandda ko‘rib turganimdan xursandman. Bugun tarixiy voqea. Bugun qardoshim Rejep Tayyip Erdog‘an O‘zbekistonning oliy darajali „Imom Al-Buxoriy“ ordeni bilan taqdirlandi», — dedi Shavkat Mirziyoyev ikki davlat rahbarlari uchrashuvidagi nutqida.

«Xabaringiz bor, 2017 yili BMTning 72-sessiyasida ulug‘ bobomiz Imom Al-Buxoriyning merosini o‘rganish haqida gapirgandim va o‘sha paytda Turkiya prezidenti, qardoshim Rajab Tayyip Erdog‘on bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan edi. O‘zbekistonda Imom Al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda», — dedi O‘zbekiston prezidenti.


«Ulug‘ ajdodimiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: „Amallar niyatlarga bog‘liqdir“, deb ta’kidlanadi. Shu bois ham biz O‘zbekistonda Imom Buxoriy bobomizning merosini chuqur o‘rganish uchun Samarqand zaminida ul zotning nomida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi maktabini tashkil etdik. O‘zbekiston xalqi Sizning qardosh ellarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni samarali amalga oshirish borasidagi shaxsiy hissangizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


«Ishonchim komilki, umumiy til va madaniyatga, ajdodlarimizning boy merosiga, mushtarak intilishga asoslangan do‘stlik va qardoshlik munosabatlarimiz yanada ravnaq topadi». — Shavkat Mirziyoyev.


«Hurmatli prezident, aziz mehmonlar, sizlarni aziz tuyg‘ularim ila salomlayman. Fiqh ilmini egallagan kishi nomidagi ordenni menga berilishini yuksak qadrlayman. Ushbu orden mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy va abadiy hamkorlikning natijasi deb bilaman», — dedi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘z nutqida.


«Buyuk bir faxr ila, g‘urur ila ushbu yuqori darajali ordenni olishdan yana bir bor baxtli ekanligimni ta’kidlagan holda, qardoshim Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiraman. Avvalambor, shuni aytmoqchimanki, talabalik yillarimizda Imom Al-Buxoriyning hadislar to‘plami bilan yaqindan tanishganmiz. Bu biz uchun avvalambor eng muhim manba sifatida qo‘llanilgan. Biror hadis haqida gap ketganda, biz ushbu hadislar kitobiga murojaat qilganmiz», — dedi Turkiya prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15 avgust kuni «Imom Buxoriy» ordenini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Mazkur orden bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish hamda targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan fuqarolar mukofotlanadi.

19 avgust kuni Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud mazkur orden bilan mukofotlandi. U mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan birinchi inson bo‘ldi.